MUSHAFNI G‘ILOF BILAN USHLASH MASALASI

ID: 84

04.04.2025

105

Savol:

G‘ilofi matodan bo‘lgan Qur’oni karimni tahoratsiz holda ushlash mumkinmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Bu borada Hanafiy ulamolarimizning ikki xil fatvosi bor. Aksar ulamolar tahoratsiz shaxslar Qur’oni karimni xaltacha-alohida g‘ilofsiz ushlashi mutlaqo joiz emasligini aytgan bo‘lsalar, ba’zilari o‘sha g‘ilof kitobga yopishtirilmagan, qo‘shib tikilmagan bo‘lsa, tahoratsiz holda ham ushlash joiz bo‘ladi, deganlar.

Hanafiy mazhabining mo‘’tabar manbaalarida bu borada shunday deyiladi:

لَا يَجُوزُ لَهُمَا وَلِلْجُنُبِ وَالْمُحْدِثِ مَسُّ الْمُصْحَفِ إلَّا بِغِلَافٍ مُتَجَافٍ عَنْهُ كَالْخَرِيطَةِ وَالْجِلْدِ الْغَيْرِ الْمُشَرَّزِ لَا بِمَا هُوَ مُتَّصِلٌ بِهِ ، هُوَ الصَّحِيحُ

ya’ni “Hayz yoki nifos ko‘rgan ayollar, junub bo‘lganlar va tahoratsiz kishilar mushafni ushlashi joiz emas. Faqat xaltacha kabi (kitobdan) ajraluvchi g‘ilof ya’ni kitobga qo‘shib tikilmagan jild, mushafga yopishmagan narsa bilangina ushlashlari mumkin. Shu gap sahihdir” (“Olamgiriya” kitobi).

Alloma Ibn Obidin rahimahulloh:

فَالْمُرَادُ بِالْغِلَافِ مَا كَانَ مُنْفَصِلًا كَالْخَرِيطَةِ وَهِيَ الْكِيسُ وَنَحْوُهَا

ya’ni “bu yerda g‘ilofdan murod xaltacha kabi (mushafdan) alohida bo‘lgan, maxsus idish va shunga o‘xshash narsadir” – deganlar (“Raddul muhtor” kitobi).

Demak, agar mushafni xaltacha kabi maxsus g‘ilofi bo‘lsa, shu g‘ilof bilan ushlash afzal. Ammo shu kitob uchun maxsus xaltacha bo‘lmasa, kitob muqovasiga yopishmagan, yechib olsa bo‘ladigan, hozirgi kunimizdagi teridan yoki matodan tikilgan jild bilan ushlash ham joiz bo‘ladi.

Shuningdek, tahoratsiz kishi Qur’oni karimni yeng bilan ushlashi ham makruh hisoblanadi. Bu borada barcha fiqhiy kitoblarimizda quyidagicha iboralar keladi: “Yeng bilan (ya’ni mushafni ushlashni qasd qilgan kishi kiygan kiyimining bir qismi bilan) ushlashi makruh hisoblanadi. Chunki kiyimning bir qismi ham uni kiygan kishiga tobedir. Shu sababli yeng tahoratsiz kishi bilan mushaf o‘rtasini to‘suvchi bo‘lmaydi” (“Fathu bobil inoya” kitobi). Ammo Qur’oni karimni kiyimga aloqador bo‘lmagan, masalan sochiq, ro‘molcha kabi alohida biror mato bilan ushlashning karohiyati yo‘q. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar