MULKIDA BO‘LMAGAN NARSANI SOTISH

ID: 967

04.04.2025

81

Savol:

Bir odam salonga Damas olish uchun navbatga yozilgan va 85% to‘lovni to‘lagan. Mashina chiqmasdan oldin boshqa shaxsga sotib pulini boshqa mashinaga to‘lov qilib qo‘yibdi. Shu savdo durust bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bu savdo durust emas, chunki bu yerda kishi o‘zining mulki bo‘lmagan narsani sotmoqda.

Dinimizda, pulni naqd berib, mahsulotni keyin yetkazib berish savdosini "salam" savdosi deyiladi (Salam savdosi haqida quyida o‘qing: https://t.me/diniysavollar/398.). Agar mashinani 100% to‘lovi qilinganda salam savdosiga to‘g‘ri kelardi, lekin shunda ham salam mahsulot (tovar)ini qo‘lga olmasdan o‘zgaga sota olmaydi. Bundan tashqari barcha savdolarga tegishli quyidagi umumiy qoida bor:

لا يجوز بيع المنقول قبل القبض، ويجوز بيع العقار قبل القبض

ya’ni: “Ko‘chadigan mahsulotlarni (sotuvchi va xaridor savdo bitimini tuzgan bo‘lsada) qo‘lga kiritishdan avval sotish joiz emas. Ko‘chmas mulklarni esa qo‘lga olmasdan ham sotish joiz”. 

Salam savdosida pulning hammasini sotuvchi va xaridor ajralib ketishlaridan avval to‘lanishi kerak. Agar pulning bir qismi to‘lansa, bo‘linadigan narsalarda (masalan arpa, bug‘doy), mahsulotning puli to‘langan qismida salam durust bo‘ladi va puli to‘lanmagan qismida esa botil bo‘ladi (“Hidoya”, “Ixtiyor” va “Muxtasarul viqoya” kitoblari).

Savoldagi kabi bo‘linmaydigan mahsulot, ya’ni avtomashinaga to‘liq emas 85% to‘lov qilgani uchun salam savdosi fosid bo‘lib, toki mashina salonga kelib, xaridor qolgan 15% ni to‘laguncha bu faqat bir va’dalashuv bo‘lib turadi. Va’dalashuvning o‘zi bilan mashina xaridorning mulkiga kirmaydi. Mulkida bo‘lmagan narsani esa sotish durust emas. 

Demak, xaridor hali mulkiga kirmagan yoki qo‘liga olmagan mashinani boshqa shaxsga sotishi botil (bekor) savdo bo‘lib, bu savdoda sotuvchining pulga, xaridorning mashinaga ega bo‘lishi kabi hukmlar yuzaga chiqmaydi. Sotuvchining qo‘lidagi mashinaning puli omonat bo‘lib turadi va uni egasiga qaytarish kerak bo‘ladi.

Bu masalaga yechim sifatida shuni taklif qilish mumkinki, birinchi shaxs yo mashina chiqishini kutib, uni qo‘lga kiritgandan keyin o‘zgaga sotsin, yoki boshqa shaxsdan keraklicha qarz olib uni yana boshqa mashinaga to‘laydi. Birinchi mashinasi chiqqanda qarz bergan kishiga, o‘zaro kelishuv va rozilik bilan, qarzini mashina bilan o‘taydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 

Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar