Ba’zi uka-singillarimizga dinimizdagi ba’zi buyruqlarni eslatsak, ular: “Muhimi ko‘ngilda bo‘lsa, bo‘ldi” – degan javobni berishadi. Zamonani ro‘kach qilib, ko‘ngilda borku, deb yuraverish to‘g‘rimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Bunday gaplar ilmsizlik natijasidir. Dinimizni bilmaslik, yemoq- ichmoq, kiyinish qo‘yingki barcha ishlarda g‘ayridinlarga taqlid qilishning natijasidir. Shariat talablari eslatilganda asosiy g‘ami dunyo tashvishlariyu hoyu-havaslari bo‘lib qolgan ummatdan bundan boshqa yana nima javob kutish mumkin.
Aslida Islom va imon bir butundir. Ya’ni, Islom o‘zi ichiga namoz, ro‘za, zakot, haj va shu kabi zohiriy amallarni, imon esa qalbga bog‘liq ixlos, muhabbat, sodiqlik va shu kabi botiniy amallarni o‘z ichiga oladi. Bu ikkisi et bilan tirnoqdir, ularni ajratish mumkin emas. Chunki dinni har kim o‘zicha tushunib, o‘zicha hayotga joriy qila olmaydi va bunga haqqi ham yo‘q. Alloh taolo Islomni bizga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom orqali yetkazdi. Demak, dinni u kishidan o‘rganamiz va U Zotni o‘zimizga o‘rnak qilib olamiz. Boshqa yo‘l yo‘q. Ana endi Payg‘ambarimiz alayhissalom Alloh taolo bilan farishta orqali, gohida hech qanday vositasiz bog‘lanib turgan bo‘lsalar, U Zotning imoni komil imon bo‘lgan bo‘lsa, “mening qalbimda bor”, deyishga eng haqli zot u kishi edilar. Lekin Payg‘ambarimiz alayhissalom Islomdagi zohir amallarni hech kamchiliksiz bajardilar. U Zotning ayollari ham eng pokdomon, hayoli edilar. Ular haqida Alloh taolo: “Ey Nabiy, juftlaringi, qizlaringa va mo‘minlarning ayollariga ayt: jilboblarini o‘zlariga yaqin qilsinlar. Ana o‘sha ularning tanilmoqlari va ozorga uchramasliklari uchun yaqinroqdir. Alloh o‘ta mag‘firatli va rahimli zotdir”, – deb marhamat qiladi (Ahzob surasi, 59-oyat). Ular ham bu oyatdan keyin “qalbimizda bor”, deb johiliyatdagi kabi ochiq-sochiq yurishda davom etmadilar, balki satri avratni lozim tutdilar. Nomahramlar bilan qanday muomala qilishni boshqalarga o‘rgatdilar.
Ba’zilar haddidan oshib “hozir nechanchi asrda yashayapmiz”, deb o‘zlarining fisqini xaspo‘shlashga harakat qiladilar. Alloh taoloning oyatlarini mensimaslik unga parvo qilmaslik insonga dunyo va oxiratda xorlik keltiradi. Gunohdan tonish, yana bir gunohdir. Undan ko‘ra banda aybiga iqror bo‘lishi va tavba qilib o‘zini o‘nglashi ikki dunyosi uchun ham yaxshi bo‘ladi. Tavfiq Allohdan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.