Muhammad ismi hakida ma’ruza qilganda bir domla: "Kim "Muhammad" ismli bolani so‘ksa imondan chiqadi va nikohi buziladi", — dedilar. Muhammad ismiga yana bir ism qo‘shib qo‘yilgan bo‘lsa ham shunday bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
"Muhammad" ismi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning ismlari ekani ma’lum va mashhur. Agar bu ismni biror insonga qo‘yilsa, o‘sha insonning ismi hisoblanadi. Bu insonni chaqirilsa yoki ismi aytilsa, unga salovat aytish kabi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga oid hukmlar qilinmaydi.
Savolda so‘ralgan narsa ham mana shundan kelib chiqadi. Agar Muhammad ismini aytib Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni nazarda tutib so‘ksa, bu shaksiz dindan chiqadi. Biroq shu ismli bolani so‘kishi bilan bu hukm sobit bo‘lmaydi. Chunki ota bolani tarbiyalashi uchun ayrim holatda qattiqqo‘llik qilishiga to‘g‘ri keladi. Biroq bunday nomdagi insonga shu ism qo‘yilsa, unga ehtirom qilishi afzal sanaladi. Uni qisqartirib, yoki boshqacha qilib aytishi mumkin emas. Qolaversa, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam biror bir hadisda "Muhammad" ismli bolani istisno qilib "uni koyimanglar" deb aytmaganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.