"MUHAMMAD" ISMINI YOLG‘IZ O‘ZINI QO‘YIB BO‘LMAYDIMI?

ID: 524

04.04.2025

501

Savol:

Yaqinda tug‘ilajak farzandimiz o‘g‘il bo‘lsa Muhammad deb ism qo‘ymoqchi edim. Lekin ba’zi kishilar qo‘shimcha qo‘shish kerak, masalan Muhammad Ali yoki Muhammad Yusuf deb nomlash kerak deyishyapti. Shunga aniqlik kiritib beringlar. O‘g‘ilga Muhammad ismini o‘zini qo‘yib bo‘lmaydimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

O‘g‘il farzandga "Muhammad" ismini yolg‘iz o‘zini qo‘yish joiz, balki afzal hamdir. Chunki Rasuli akram alayhissalom o‘zlarining muborak hadislaridan birida: "Ismimni qo‘yinglar, ammo kunyam bilan kunyalanmanglar", — deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan). 

"Kunya" — kishining ismidan avval aytiladigan, bosh farzandining ismi bilan “Falonchining otasi”, deb chaqiriladigan ism. Masalan, Abu Abdulloh (Abdullohning otasi), Abu Dardo, Abu Muso kabi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning kunyalari "Abul Qosim" edi. Demak, kishi Abul Qosim deb kunyalanishi joizmasligi mazkur hadisdan ma’lum bo‘lmoqda. Ulamolarimiz ushbu qaytariq Payg‘ambarimiz hayotlariga tegishli ekani, U Zotning vafotlaridan keyin esa mazkur kunya bilan chaqirilishi joiz ekanini aytishgan (Qozi Iyozning "Ash-SHifo" kitobi). 

Shuningdek, ushbu hadisga ko‘ra, farzandga "Muhammad" deb ism qo‘yish marg‘ub ish ekani ma’lum bo‘ladi. Islom ummati azaldan o‘z farzandlariga Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak ismlarini qo‘yishi odatga aylangan. Hatto ayrim ulamolarning ismi, otasining va bobosining ismi “Muhammad” ekanini ko‘rish mumkin. Masalan, Imom G‘azzoliyning to‘liq ismi “Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad al-G‘azzoliy” bo‘lsa, Qiroat ilmining mashhur olimi Imom Jazariyning to‘liq ismi Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad al-Jazariydir. Ya’ni bir nechta avlodning ketma ket ismini “Muhammad” deb qo‘yilgan. Albatta, bu ushbu muborak ismga va uning sohibi bo‘lgan sevimli Rasulimizga bo‘lgan ulkan muhabbat nishonasidir. Mashhur mujtahid olim Imom Molik rahmatullohi alayh shunday deganlar:

 سمعت أهل المدينة يقولون: "ما من أهل بيت فيهم اسم محمد إلا رزقوا رزق خير" (المسالِك في شرح مُوَطَّأ مالك (٥٤٨/٧)).

"Madinai munavvara aholisi: "Qaysi bir uyda Muhammad ismi bo‘lsa, ular yaxshi rizq bilan nasibalanishadi", — deyishganini eshitganman".  

Bundan ba’zi kishilarning “Muhammad ismini yolg‘iz o‘zini qo‘yib bo‘lmaydi”, “Bolaga og‘irlik qiladi” kabi gap-so‘zlar ilmiy jihatdan ham va voqe’lik jihatdan ham tasdig‘ini topmagan, asossiz gap ekani ma’lum bo‘ladi. 

Shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, farzandga faqat chiroyli ism qo‘yish bilan kifoyalanib qolmay, uning tarbiyasi va bilimini ham ismiga monand qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar