MUHAMMAD ALAYHISSALOMNI YAXSHI KO‘RMAY MUSULMON BO‘LISH MUMKINMI?

ID: 835

04.04.2025

19

Savol:

Men sobiq ateistman, yaqinda bu yo‘ldan qaytdim. Allohga ishonaman, lekin Muhammad payg‘ambarni ko‘p ishlarini yoqlamayman. Muhammad payg‘ambarni yaxshi ko‘rmay musulmon bo‘lish mumkinmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga muhabbat qilish dinimizda farzi ayn bo‘lgan amaldir. Bunga Qur’oni karim oyatlari, hadisi shariflar va ulamolarning ijmosi dalildir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

قُلْ إِنْ كَانَ آَبَاؤُكُمْ وَأَبْنَاؤُكُمْ وَإِخْوَانُكُمْ وَأَزْوَاجُكُمْ وَعَشِيرَتُكُمْ وَأَمْوَالٌ اقْتَرَفْتُمُوهَا وَتِجَارَةٌ تَخْشَوْنَ كَسَادَهَا وَمَسَاكِنُ تَرْضَوْنَهَا أَحَبَّ إِلَيْكُمْ مِنَ اللَّهِ وَرَسُولِهِ وَجِهَادٍ فِي سَبِيلِهِ فَتَرَبَّصُوا حَتَّى يَأْتِيَ اللَّهُ بِأَمْرِهِ وَاللَّهُ لَا يَهْدِي الْقَوْمَ الْفَاسِقِينَ

“Ayting (ey, Muhammad): “Agar otalaringiz, farzandlaringiz, aka-ukalaringiz, xotinlaringiz, qarindoshlaringiz, mehnat bilan topgan mol-mulklaringiz, kasod bo‘lishidan qo‘rqqan tijoratingiz va yoqtirgan maskanlaringiz sizlar uchun Alloh va Rasulidan, Uning (toati) yo‘lidagi jiddu-jahd qilishdan (ko‘ra) suyukliroq bo‘lsa, (unda) to Alloh o‘z amri (azobini) keltirguniga qadar kutib turingiz! Alloh (esa) fosiqlar qavmini hidoyat etmagay” (Tavba surasi, 24-oyat).

Mazur oyati karima Alloh va Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallamga muhabbat hamma narsalarning muhabbatidan oldin turishlikka da’vat qiladi. Boshqa oyati karimada:

النَّبِيُّ أَوْلَى بِالْمُؤْمِنِينَ مِنْ أَنْفُسِهِمْ ...

ya’ni: “Payg‘ambar mo‘minlarga o‘zlaridan ham haqliroqdir...” (Ahzob surasi, 6-oyat). YA’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlari boshqa barcha narsalarga qo‘ygan muhabbatdan ko‘ra ustunroq bo‘lmaguncha imonlari komil bo‘lmagay, deganidir.

Hadisi sharifda Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

لا يؤمن احدكم حتي اكون احب اليه من والده و ولده و الناس اجمعين (رواه الشيخان و النسائي عن انس بن مالك رضي الله عنه).

ya’ni: “Sizlardan birortangiz men unga ota-onasidan, bolasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha, mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning “mo‘min bo‘la olmaydi” deganlaridan murod, komil imonli mo‘min bo‘la olmaydi, deganlaridir. Ulamolar Payg‘ambar alayhissalomga nafratlanishlik  kufr ekanini ochiq aytib, bundan ogolantirganlar. Hanafiy mazhabimiz ulamolaridan Kamoliddin ibn Humom rahimahulloh shunday deydilar:

كل من أبغض رسول الله صلى الله عليه وسلم بقلبه كان مرتدا.. اهـ

ya’ni: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yomon ko‘rgan har bir inson dindan chiqqan hisoblanadi” (“Fathul Qodir” kitobi).

Huddi shunday mazmunni Imom Subkiy, Imom Dasuquy, Ibn Muflih, Ibn Nujaym va ko‘plab Islom ulamolarining kitoblarida uchratish mumkin.

Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollalohu alayhi vasallam hech qachon Alloh taoloning buyrug‘idan chetga chiqmaganlar. U Zot biror ishda nafsi havolariga berilib, nafs xohishiga muvofiq ish tutmaganlar. Alloh taolo Payg‘ambarimiz alayhissalom haqlarida shunday deydi:

مَا ضَلَّ صَاحِبُكُمْ وَمَا غَوَى وَمَا يَنْطِقُ عَنِ الْهَوَى

“Sizlarning sohibingiz (Muhammad) zalolatga ketgani ham yo‘q, yo‘ldan ozgani ham yo‘q! YAna u Qur’onni) xomxayoldan olib so‘zlayotgani ham yo‘q!" (Najm surasi 3-oyat).

Biror kishi Payg‘ambar alayhissalomning ba’zi ishlari g‘ayritabiiy tuyulsa, bu U Zotning qilgan ishlari xato degani emas, aksincha, o‘sha inson U Zotni yaxshi tanimaganidan, siyratlarini yaxshi bilmaganidan va nafsi-havosiga xush kelmaganidandir.

Alloh sizga O‘zini tanishni nasib etibdi bu katta baxt. Endi siz Payg‘ambarimiz haqlarida yozilgan asl manbalar orqali U Zotning hayotlarini o‘rganib chiqing, shoyad qalbingizda U Zotga nisbatan muhabbat paydo bo‘lsa. Xususan, o‘zbek tilidagi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak hayotlari va siyratlariga oid Alixonto‘ra Sog‘uniy rahimahullohning “Tarixi Muhammadiy”, Sayyid Mahmud Taroziy (Oltinxonto‘ra) rahimahullohning “Nurul basar” hamda SHayx Muhammad Sodiq Muhammad YUsuf rahimahullohning “Hadis va Hayot” silsilasining 19-juzi (Nubuvvat va risolat) kitoblarini o‘qishingizni tavsiya etamiz.

Payg‘ambarlar Allohning elchilaridir. U Zotlarga ergashmasdan turib Allohning huzurida najotga ergashish mumkin emas. Alloh taolo shunday deydi:

قُلْ إِنْ كُنْتُمْ تُحِبُّونَ اللَّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللَّهُ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ وَاللَّهُ غَفُورٌ رَحِيمٌ

“Sen: “Agar Allohga muhabbat qilsangiz, bas, menga ergashing. SHunda Alloh sizga muhabbat qiladi va sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiladi”, Alloh G‘afur va Rohimdir” deb ayt” - deya marhamat qilgan. (Oli Imron surasi, 31-oyat)

Xulosa shuki Alloh taologa ishonib, Payg‘ambarini xush ko‘rmaslik, Allohga imon keltirib, uning dinini qabul qilmaslikdir. CHunki Islom dini bizga to‘laligicha Payg‘ambarimiz Muhammad sallalohu alayhi vasallam orqali yetib kelgan. Tavfiq Allohdan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar