Mo‘mindan ortib qolgan taom boshqa bir mo‘minga shifomi? Shu ma’noda sahih hadis bormi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Aynan shu lafz bilan sahih hadis kelmagan. Bu haqida ulamolar, jumladan Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh ogohlantirishgan. Lekin bu so‘zning ma’nosi to‘g‘ri, bunga boshqa hadisi shariflarda ishoralar bor. Ba’zi istisnolardan tashqari, odamdan qolgan taom bo‘lsin, ichimlik bo‘lsin pok hisoblanadi.
وجاء في صحيح البخاري عن السيدة عائشة رَضِيَ اللّٰهُ عَنْهَا، أن النبي صَلَّى اللّٰهُ عَلَيْهِ وعلى آله وصحبه وَسَلَّمَ كان يقول للمريض: بِسْمِ اللّٰهِ، تُرْبَةُ أَرْضِنَا، بِرِيقَةِ بَعْضِنَا، يُشْفَى سَقِيمُنَا، بِإِذْنِ رَبِّنَا
Payg‘ambarimiz alayhissalom kasalga: "Bismillah, turbatu arzina, biriqati ba’zina, yushfa saqimuna bizni robbina (Allohning ismi bilan boshlayman, yerimizning tuprog‘i birimizning tupugi bilan (qo‘shilsa), Allohning izni ila bemorlarimiz tuzaladi), der edilar" (Imom Buxoriy Oisha onamizdan rivoyat qilganlar).
Bu hadisi sharifning tafsiloti shuki, Payg‘ambarimiz alayhissalom ko‘rsatgich barmoqlarini ozgina tupuklari bilan ho‘llab, tuproqqa bosadilar va barmoqqa ilashgan tuproqni jarohat joyiga bosganlar. Ko‘pchilik ulamolarning ta’kidiga ko‘ra, barcha mo‘minlarning tufugi va barcha yerlarning tuprog‘i shifo bo‘lishi hadisi sharif ma’nosidan tushuniladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.