MO‘MIN HAM DO‘ZAXGA KIRADIMI?

ID: 937

04.04.2025

61

Savol:

Mo‘min-musulmon insonlar ham do‘zaxga kirishi mumkinmi? Shu haqida batafsil javob bersangiz.

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga ko‘ra fosiq mo‘min do‘zaxga kirishi mumkin. Lekin u yerda abadiy qolmaydi. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh o‘zlarining “Fiqhul akbar” nomli risolalarida bu haqda shunday deganlar:

ولا نقولُ إنَّ المؤمنَ لا تضُرُهُ الذنوبُ. وإنهُ لا يدخلُ النارَ، ولا إنهُ يخلدُ فيها وإنْ كانَ فاسقًا بعدَ أنْ يخرجَ منَ الدنيا مؤمنًا

ya’ni: “Mo‘’min kishining kilgan gunohlari unga zarar qilmaydi demaymiz. Yana uni do‘zaxga kiritmaydi ham demaymiz. Lekin u yerda abadiy qoldiradi ham demaymiz, hatto, u fosiq bo‘lgan taqdirda ham. Ammo dunyodan imonli ketgan bo‘lishi shart”.

Bu haqida Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi:

فَأَمَّا الَّذِينَ شَقُوا فَفِي النَّارِ لَهُمْ فِيهَا زَفِيرٌ وَشَهِيقٌ خَالِدِينَ فِيهَا مَا دَامَتِ السَّمَوَاتُ وَالْأَرْضُ إِلَّا مَا شَاءَ رَبُّكَ إِنَّ رَبَّكَ فَعَّالٌ لِمَا يُرِيدُ

ya’ni: “Bas, o‘shanda baxtsiz bo‘lganlar (kofirlar va gunohkor mo‘minlar) do‘zaxda bo‘lurlar va ular u yerda ingrab-hangrab tururlar. Modomiki (oxiratdagi) osmonlar va yer bor ekan, (ular) u yerda mangudirlar, illo Rabbingiz xohlagani (mo‘minlarni undan chiqarishi) bundan mustasnodir. Albatta, Rabbingiz istagan narsasini amalga oshiruvchidir!” (Hud surasi, 106-107 oyatlar).

Ushbu oyati karimaning tafsiri borasida Ibn Abbos raziyallohu anhu, Hasan Basriy, Zahhok va Qatoda ramatullohi alayhimlardan rivoyat qilinishicha, oyatda istisno qilingan jamoa – osiy mo‘min musulmonlardir. Ular Alloh taoloning rahmati yoki shafoatchilarning shafoati sabab do‘zaxdan chiqadilar. Bu haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"يَخْرُجُ مِنْ النَّارِ مَنْ قَالَ لَا إِلَهَ إِلَّا اللَّهُ وَفِي قَلْبِهِ وَزْنُ شَعِيرَةٍ مِنْ خَيْرٍ..." (رواه الامام البخاري عَنْ أَنَسٍ رضي الله عنه).

ya’ni: “La ilaha illalloh, degan va qalbida bir arpa doni og‘irligicha yaxshilik bo‘lgan odam do‘zaxdan chiqadi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Xulosa qilib aytganda gunohkor banda ham Alloh taoloning xohishida bo‘ladi, xohlasa gunohlarini kechiradi, xohlasa gunohlari sababli azoblaydi. Chunki Alloh taolo o‘ziga shirk keltirgan holda vafot etgan bandasini kechirmasligini, undan boshqa gunohlarni esa o‘zi xohlagan bandasidan kechib yuborishini xabarini bergan. Tavfiq Allohdan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar