MOLIYA

ID: 3768

30.10.2025

58

Savol:

Assalomu alaykum. Ba’zi bir moliya tashkilotlari islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida penyalarni hisoblab, ularni boshqa xayriya fondlariga o‘tkazish sharti bilan shartnomalar taklif qilishmoqda. Qarz beruvchi uchun bu balkim haloldir, lekin qarz oluvchiga qo‘shimcha ortiqcha to‘lash sharti yuklanmoqda. Penya hisoblash joizligi haqida fatvo borligini o‘qidim. Lekin bu bir tomondan insofsiz qarz oluvchini tartibga solishga yordam bersa, ikkinchi tomondan kelishilgan summadan ortiqcha to‘lov qilish joizmi? Riboni harom bo‘lishiga sabab insonlar bir-biriga savob olish yo‘lida yaxshilik qilishi emasmi?

Javob:

Va alaykum assalom. Ushbu chora, ya’ni to‘lov kechikkan taqdirda muayyan summani xayriyaga yo‘naltirish talabi to‘lovni sababsiz kechiktiradigan insofsiz qarzdorlar muammosiga qarshi zarurat yuzasidan ishlab chiqilgan. Bundagi asosiy shart shuki, ushbu summa qarz beruvchi uchun daromad bo‘lmasligi, balki to‘liq xayriyaga yo‘naltirilishidir. Shu sababli bu qarz beruvchi uchun ribo hisoblanmaydi.

Qarz oluvchining kelishilgan summadan ortiqcha to‘lashiga kelsak, bu uning ribo to‘laganini anglatmaydi. Balki, bu uning shartnoma shartlarini o‘z vaqtida bajarmagani uchun zimmasiga olgan, uchinchi tarafga beriladigan sadaqasidir. Riboning harom qilinishiga ham to‘xtalibsiz, bir so‘z bilan aytganda u savdo va qarz munosabatlaridagi biror tarafga yetishi mumkin bo‘lgan zulm va adolatsizlikni bartaraf etish kabi hikmatlarga asoslanadi, u faqatgina savob uchun yaxshilik qilishga targ‘ib bilan cheklanmaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar