MOL EVAZIGA TALOQ SO‘RASH

ID: 938

04.04.2025

169

Savol:

Ayol qaysi hollarda taloq yoki xulu’ so‘rasa gunohkor bo‘ladi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Xulu’ – ayol tomonidan mahrni qaytarish yoki ma’lum bir mol evaziga taloq so‘rashdir.

Erkak kishi ayoli oldidagi dinimiz yuklagan vazifalarni bajarib turgan bo‘lsa, agarchi haqqi bo‘lsada, xotin xulu’ yoki taloq talab qilishi gunoh va shariatimiz qaytargan ishdir. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu haqda shunday deydilar:

أيما امرأة سألت زوجها طلاقا في غير ما بأس فحرام عليها رائحة الجنة " (رواه أحمد والترمذي وأبو داود وابن ماجه والدارمي عن ثوبان رضي الله عنه)

ya’ni: “Qaysi bir ayol eridan sababsiz taloq so‘rasa, unga jannatning hidi ham harom bo‘ladi" (Imom Ahmad va boshqa sunan egalari rivoyat qilishgan).

Demak, ayol kishi jiddiy sabab bo‘lmasdan “unday bo‘lsa, meni javobimni bering”, deb erining jig‘iga tegmasligi kerak. Aks holda er ham jahl ustida taloq qilish ehtimoli katta bo‘ladi. Oila buzilishidan esa ko‘proq ayollar zarar ko‘rishadi. Er ham, xotin ham shaytonning nishoniga aylanadi. Buning ustiga musulmon uchun abadiy oxirat hayotida jannatdan bebahra qolish katta xasratdir.

Er-xotin bir-biri bilan hech kelishmasa, Alloh taoloning oila to‘g‘risidagi buyruqlarini bajara olishlariga ko‘zlari yetmasa va er evaz olmasdan xotinini taloq qilishni xohlamasa, ayol mol (pul) evaziga talog‘ini olishida gunoh yo‘q. Mol evaziga talog‘ini olishni xulu’ deyiladi. Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

أَنَّ امْرَأَةَ ثَابِتِ بْنِ قَيْسٍ أَتَتْ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَتْ : يَا رَسُولَ اللَّهِ ثَابِتُ بْنُ قَيْسٍ مَا أَعْتِبُ عَلَيْهِ فِي خُلُقٍ وَلا دِينٍ ، وَلَكِنِّي أَكْرَهُ الْكُفْرَ فِي الْإِسْلَامِ. فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : (أَتَرُدِّينَ عَلَيْهِ حَدِيقَتَهُ ؟ قَالَتْ : نَعَمْ . قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : اقْبَلْ الْحَدِيقَةَ وَطَلِّقْهَا تَطْلِيقَةً).

ya’ni: “Sobit ibn Qaysning xotini Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va: “Ey, Allohni Rasuli! Sobit ibn Qaysni xulqi va dinida ayblay olmayman, lekin Islomda noshukrlik (erga noshukrlik, erni yomon ko‘rish)ni xush ko‘rmayman”, – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Unga bog‘ini qaytarib berasizmi?” – dedilar. U: “Ha, qaytaraman”, – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “(Ey, Sobit!) bog‘ni qabul qilingda, uni bir taloq qiling” – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Bu hadisda er xotinini mahrga bergan bog‘i evaziga taloq, ya’ni xulu’ qilishga rozi bo‘lmoqda.

Ayol eriga “Meni falon pulga xulu’ qiling” yoki “Menga berilgan mahr evaziga xulu’ qiling” – desa, eri o‘sha majlisda: “Xulu’ qildim”, – desa, xulu’ yuzaga chiqadi va boin taloq tushadi. Lekin er o‘sha majlisdan turib ketib, keyin xulu’ qildim, desa, xulu’ yuzaga chiqmaydi. Ya’ni, ularning ijob (xotinning taklifi) va (erning) qabuli bir majlisda bo‘lishi kerak. Demak, umumiy taloq va xulu’lar soni ikkitadan o‘tib ketmagan bo‘lsa, qaytadan ikki guvoh huzurida, mahr belgilab, nikoh o‘qitib, yashasa bo‘ladi (“Al-Muxtasar fil-fiqhil-hanafiy” kitobi).

Ulamolar xotinga eridan zarar keladigan quyidagi holatlarda taloq so‘rashi mumkin bo‘ladi deydilar: 1.  Er o‘zining xotin oldidagi vazifalari: yedirib-ichirish, kiyintirish, uy-joy bilan ta’minlashni bajarmasa, xotin sabr qilib yashashi yoki talog‘ini so‘rashi mumkin. 2.  Er xotinini shar’iy sabab bo‘lmasdan xo‘rlasa: ursa, so‘kib-haqorat qilsa, la’natlasa. 3.  Erning uzoq muddat safar qilishidan ayolga zarar yetsa va ayol fitna (zino)ga tushib qolishdan qo‘rqsa. 4.  Eri uzoq muddat mahbus bo‘lsa va ayol bundan zarar ko‘rsa. 5.  Erda bepushtlik, jinsiy aloqaga yaramaslik yoki xatarli jirkanch kasallik bo‘lsa. 6.  Er fisqu fujurni ochiqcha qilsa (xotin imkon boricha sabr qilib, uni qaytarsa ham, foyda qilmasa) 7.  Ayolning qalbida erga nisbatan o‘zgarmas nafrat va qattiq g‘azab bo‘lsa, agarchi ayol buning sababini o‘zi bilmasa ham, u ayol uzrli hisoblanadi.  8.  Er ayolini yaqinlari, xususan, ota-onasini ko‘rishdan mutlaqo man qilib qo‘ysa. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar