MOBIL AVANS XIZMATIDAN FOYDALANISH HAQIDA

ID: 2901

29.09.2025

52

Savol:

Savol: Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh! Mobil operator (masalan, Ucell) tomonidan taqdim qilinadigan “Avans” yoki “Qarz” xizmati bor. Bu xizmatda mijoz balansida mablag‘ tugaganida, operator unga ma’lum miqdorda pul (masalan, 41000 so‘m) beradi. Keyin esa keyingi to‘lovda o‘sha summa ustiga qo‘shimcha “xizmat haqi” (masalan, 9840 so‘m) olib qoladi. Shu qo‘shimcha “xizmat haqi” diniy jihatdan ribo (foiz) hisoblanadimi yoki bu alohida xizmat ko‘rsatish sifatida joiz sanaladimi? Umuman olganda, bunday xizmatlardan foydalanish musulmon uchun halolmi yoki harommi? Javobingiz uchun oldindan rahmat.

Javob:

Muayyan miqdorda pul qarz berib, uni ko‘paytirib qaytarib olish ribo (sudxo‘rlik) sanaladi. Hozirda aloqa kompaniyalari tomonidan taklif qilinayotgan "qarz"da ham xuddi shu holat bor. Shuning uchun bunday qarz olish shar’an joizmas. Endi ushbu qarz muomalasi shar’an to‘g‘ri bo‘lishi uchun aloqa kompaniyalariga taklifimiz shuki, hisobida mablag‘i tugagan mijozga kompaniya tomonidan ma’lum miqdorda "daqiqa", "SMS", "MB"lardan iborat "paket"ni nasiyaga sotishi va buni olgan odam tomonidan kelishilgan muddatda to‘lanishi maqsadga muvofiq. Shunda kompaniyaning daromadi ham, mijozlarning olgan qarzlari ham halol yo‘l bilan topilgan bo‘ladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar