Biz Umra ziyoratiga borganimizda Madinai munavvaradan Makkai mukarramaga ketishda poyezd orqali borishimizga to‘g‘ri keldi. Lekin poyezd miyqotga to‘xtamas ekan. Biz ehromga qachon va qayerdan kirishimiz kerak bo‘ladi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Miyqotdan ehromsiz o‘tish joiz emas, ammo miyqotdan oldin ehromga kirish barcha faqihlarga ko‘ra, joizdir. Bu haqida “G‘unyatun-nosik” kitobida shunday yozilgan:
"و فائدة التوقيت بها حرمة تأخير الاحرام عنها كلها لا التقديم فانه جائز إجماعا"
Ya’ni: “Miyqotni belgilab qo‘yishning foydasi shuki, undan ehromsiz o‘tish haromdir. Ammo miyqotdan oldin ehromga kirish joizligiga ittifoq qilingan” (“G‘unyatun-nosik” kitobi).
Shu jihatdan, Madina shahridan Makkaga boruvchi poyezd yo‘lda miyqotga to‘xtamagani uchun ziyoratchilar mehmonxonada ehrom o‘rab, ikki rakat namoz o‘qib, niyat qilishi va labbayka aytishi joiz bo‘ladi.
Ba’zilar poyezd miyqot hududidan o‘tayotganida, e’lon qilinadi, shunga ko‘ra, o‘sha paytda ehromga kirishni niyat qilib, labbayka aytib, poyezdning o‘zida o‘tirgan holda ham namoz o‘qisa bo‘ladi, chunki bu sunnat namozdir, deydilar. Lekin ko‘p holatlarda yo‘lovchilar tilni bilmasliklari yoki boshqa sabablar bilan miyqotdan niyat qilmay va labbayka aytmay o‘tib ketishlari ehtimoli katta. Shu sababli miyqotdan oldin ehromga kirib olganlari yaxshiroqdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.