MEVALARNI PISHMAY TURIB SOTISH JOIZMI?

ID: 97

04.04.2025

69

Savol:

Bugungi kunda ba’zi savdogarlar mevali bog‘larni erta bahorda yoki hali mevasi pishib yetilmasidan turib sotib olmoqdalar. Shu ish joizmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Bu borada «Muxtasarul-viqoya» kitobida shunday deyilgan:

"وَصَحَّ بَيْعُ ثَمَرَةٍ لَمْ يَبْدُ صَلاحُهَا أَوْ قَدْ بَدَا وَ يَجِبُ قَطْعُها وَ شَرْطُ تَرْكِهَا عَلَي الشَّجَرِ يُفْسِدُ الْبَيْعَ

Ya’ni: “Hali pishib yetilmagan yoki endi pishgan mevalarni savdosi durustdir. Ammo, sotib olishi bilan darhol uzib olishi vojib bo‘ladi. Sotib olingan mevalarni daraxtida qoldirishni shart qilish savdoni fosid qiladi” (Muxtasarul-viqoya) kitobi.

Shunga ko‘ra, mevali bog‘larni erta bahorda, ya’ni hali mevasi g‘o‘raligida sotib olsa joiz, ammo sotib olishi bilan darhol daraxtdan uzib olishi vojib bo‘ladi. Chunki mevalarni sotib olganidan keyin daraxtida qoldirishni shart qilsa, bu shart savdoni fosid qiladi (buzadi). Zero, mazkur holatda sotuvchining mulkida mevaga ziyodalik qo‘shiladi (ya’ni meva daraxtda turib kattalashish va pishib yetilishda davom etadi) va xaridor bu ziyodalikni hech bir evazsiz olgan bo‘ladi. Bu esa, birovning mulkini evazsiz olish hisoblanib, shar’an joiz emasdir.

Savdo vaqtida mevalar daraxtda turishi shart qilinmasa, savdo bitganidan keyin xaridor mevalarni daraxt ustida turib-turishini iltimos qilsa va sotuvchi o‘z ixtiyori bilan bunga rozi bo‘lsa joizdir.

Sotuvchi bog‘idagi mevalarni hammasini sotsa, o‘zi xaridorning ruxsatisiz yeya olmaydi.

Mevali bog‘larni erta bahorda hali mevasi yo‘qligida sotib olish salam savdosi shartlariga ko‘ra joiz bo‘ladi va kelishilgan pulni kelishuv majlisida berish vojib bo‘ladi. Salam shartlariga tushmasa bu savdo durust bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar