MEROS TAQSIMOTINI TUSHUNTIRIB BERSANGIZ

ID: 385

04.04.2025

80

Savol:

Akam covid 19 sababli vafot etdi. Akamning ikkita xotini bor edi. Qonuniy nikohidan katta farzandi qiz va ikki o‘g‘il bor, ikkinchi nikohidan uchta qiz farzandi bor. Ikkinchi nikohidagi ayoli ham akamni vafotidan o‘n oydan so‘ng vafot etdi. Ikkinchi nikohidagi katta qiz farzandi turmushga chiqqan, keyingi ikki qiz chin yetim bo‘lib qoldi, ularni opasi va pochchasi vaqtincha o‘z qaramog‘iga olgan. Akamdan bitta kvartira, bitta moshina va hovli uy-joy meros bo‘lib qolgan. Taqsimotini tushuntirib bersangiz.

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Savolda zikr qilingan mayyitning ota-onasi vafot etgan bo‘lsa, u kishidan qolgan barcha mol-mulkning 1/8 (sakkizdan bir) qismini ikki xotini teng bo‘lib olishadi.

Ulardan qolgan mulk o‘g‘il va qizlari o‘rtasida "erkakka ayoldan ikki barobar ko‘p" qoidasiga ko‘ra bo‘linadi.

Barcha mol mulkni 64 ga bo‘lib, uning 8 bo‘lagini ikki xotinga beriladi. Har bir qizga 7 bo‘lakdan, har bir o‘g‘ilga 14 bo‘lakdan beriladi.

Agar akangizning o‘gay farzandlari bo‘lsa, ularning merosda haqqi yo‘q.

Shuni aytish kerakki, bu o‘rinda savolga muvofiq javob berildi. Mabodo, yuqoridagi merosxo‘rlardan boshqa merosxo‘rlar ham bo‘lsa, javob bundan farqli bo‘ladi. Shuning uchun hamma merosxo‘rlar yig‘ilib, meros ilmini biladigan ahli ilm ishtirokida bu masalani hal qilishni tavsiya qilamiz. Chunki mayyitning vasiyati, yoki qarzi, yo merosxo‘rlar bilmaydigan boshqa haq-huquqlari bo‘lishi, kutilmagan savollar tug‘ilishi mumkin. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar