Bir ota-onaning uyida 3 o‘g‘il, 3 qiz farzand yashagan. Ota erta vafot etib, ona 6 nafar farzandni bir o‘zi katta qilgan. 2 ta katta qiz turmushga chiqib, bu uydan ko‘chib ketgan. Uy buzilish ehtimoli bilan uydagi 3 o‘g‘ilning har biriga alohida, ona va kichik qizga alohida ko‘p xonali uy (kvartira)lar berilgan. Lekin uy buzilmay qolgan. Yillar o‘tib uy katta o‘g‘il, keyin esa uning o‘g‘li nomida qolgan. Ona va 2 o‘g‘il vafot etganlar. Hozir shu oilaning ayrimlari uydan meros talab qilmoqdalar. Ya’ni, uyni sotib, 3 o‘g‘il va 3 qizning o‘ziga (yoki farzandlariga) pulni taqsimlab berishni talab qilmoqdalar. Uy ota yoki ona tomonidan meros deb vasiyat qilinmagan bo‘lsa ham taqsim qilinadimi? Uy hisobidan kvartira olgan o‘g‘il-qizlar va turmushga chiqib, kvartira olmagan qizlarning merosdagi ulushi qanday bo‘ladi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Dinimiz ko‘rsatmasiga binoan meros bo‘linishi uchun bu ishni mayyit vasiyat qilgan bo‘lishi shart emas. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
لِلرِّجَالِ نَصِيبٌ مِمَّا تَرَكَ الْوَالِدَانِ وَالْأَقْرَبُونَ وَلِلنِّسَاءِ نَصِيبٌ مِمَّا تَرَكَ الْوَالِدَانِ وَالْأَقْرَبُونَ مِمَّا قَلَّ مِنْهُ أَوْ كَثُرَ نَصِيبًا مَفْرُوضًا "(سورة النساء:آية7)
ya’ni: “Erkaklar uchun ota-onalari va yaqin qarindoshlari qoldirib ketgan (meros)dan ulush bordir. Ayollar uchun (ham) ota-onalari va yaqin qarindoshlari qoldirib ketgan (meros)dan ulush bordir. Bu ozmi-ko‘pmi, farz qilingan ulushdir” (Niso surasi 7-oyat).
Otadan meros qolgan uy hisobidan boshqa uy olgan kishilar otalaridan meros qolgan uydan mahrum bo‘lmaydilar. Shu bilan birga uy ola olmagan ikki qizning meros qolgan uyda hissasi ko‘payib ham qolmaydi. Lekin yangi uy olganlar: “Bo‘ldi, men merosdagi haqqimdan kechdim yoki merosdagi haqqimni masalan, falonchi ukam yo singlim yo onamga berdim” – degan bo‘lsalar (bu shar’an joiz), bundan keyin ularning merosda haqlari qolmagan bo‘ladi.
Haqiqatan ham uy nomida bo‘lgan kishi (yoki uning o‘g‘li) qolgan aka-uka va opa-singillarning haqqini berishi shart (tirik bo‘lsa, o‘ziga, dunyodan o‘tgan bo‘lsa, farzandlariga).
So‘ralgan masalaga diqqat qiladigan bo‘lsak, muammoni keltirib chiqargan narsa, merosni o‘z vaqtida bo‘linmaganidir. Ya’ni, ota vafot etganda xotini va farzandlariga meros dinimiz ko‘rsatmasiga muvofiq bo‘lib berilishi kerak edi. Shunda mayyitning xotini meros qolgan mol-mulkning 1/8 (sakkizdan biri)ini, qolgan mulkni esa “Erkak ayoldan ikki barobar ko‘p oladi” qoidasiga binoan o‘g‘il-qizlari bo‘lib olishardi (ya’ni, bu holatda meros qolgan mol-mulkni 72 qismga bo‘lib, 9 qismi xotiniga, har bir o‘g‘liga 14 qismdan, har bir qiziga 7 qismdan berilardi).
Agar o‘sha 6 o‘g‘il-qizning onasi hamma farzandlardan avval vafot etgan bo‘lsa, bolalari onaning merosiga ham ega bo‘lishadi va natijada uyning qiymati 9 qismga bo‘linadi, 2 qismdan o‘g‘illarga, 1 qismdan qizlarga beriladi. Bu holatda uy nomida bo‘lganlar o‘zining 2 hissasidan tashqari, 2 erkak va 3 qizning ulushi, jami 7 qismni egalariga qaytarishi kerak.
Shu o‘rinda meros ilmida sulh qilib, o‘z haqqidan kechish masalasini ham eslatamiz. Merosxo‘r o‘zaro kelishuv bilan o‘z haqqidan kechib, o‘rtadan chiqib ketishi yoki o‘z ulushini birorta merosxo‘rga berib, ketishi ham durust bo‘ladi.
Xulosa, bu o‘rinda savolga muvofiq javob berildi. Mabodo, yuqoridagi merosxo‘rlardan boshqa merosxo‘rlar ham bo‘lsa, javob bundan farqli bo‘ladi. Shuning uchun hamma merosxo‘rlar yig‘ilib, meros ilmini biladigan ahli ilm ishtirokida bu masalani hal qilishni tavsiya qilamiz. Chunki mayyitning vasiyati, yoki qarzi, yoki merosxo‘rlar bilmaydigan boshqa haq-huquqlari bo‘lishi, kutilmagan savollar tug‘ilishi mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.