Men uzoq yillar chet elda ishlab pul yig‘ib keldim. Uy-joyim sharoitlarini yaxshilab oldim, lekin biror bir tadbirkorlik qilib ishni boshini tutmadim. Allohni taqdiri ekan kasal bo‘lib, vaqtinchalik mehnatga yaroqsiz bo‘lib qoldim. Tirikchilikni ota-onamni nafaqasidan va ishlab kelgan pulimdan qilib turibmiz, oilada hech kim ishlamaydi, farzandlarim bor. Savolim shuki, mablag‘im ancha bor, nisobga yetgan. Shundan zakot beramanmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Chet elda ishlab, olib kelgan pulingiz kamida 85 gr tilloning qiymatiga yetgan bo‘lsa, pulingiz nisobga yetgan bo‘ladi. Ana shu vaqtdan rosa bir yil o‘tgach, yeyilib, kiyilib, boshqa hojatlarga ishlatilib ketgandan qolgan pul 85 gr tillaning qiymatidan kamaymagan bo‘lsa, endi jami pul (tilla, sotishga mo‘ljallangan tijorat mollar)ingiz qirqdan biri (1/40)ni zakot sifatida berasiz. Yana bir yil o‘tgandan keyin yana qo‘lingizdagi mablag‘ni hisoblab ko‘rasiz, yana 85 gr tillaning qiymatidan ko‘p chiqsa, yana zakot berasiz. Masalan, undan keyingi yil pulingiz kamayib, 85 gr tillaning qiymatidan kamayib ketsa, zakot bermaysiz. Alloh taolo hech bir bandasiga uning toqati yetmaydigan narsani yuklamaydi, shu jumladan zakot masalasida ham. Alloh taolo qo‘lingda bor mol mulkdan 1/40 ni berasan, deyishi ham mumkin edi. Lekin unday demadi, balki hojati asliyadan tashqari bo‘lgan mol mulkning 1/40 qilib belgilab berdi.
Fiqhiy manbalarda zakot haqida shunday deyiladi:
لا تجب إلا علي حر مكلف مسلم مالك ملكا تاما لنصاب نام وهو إما بالثمنية أو السوم أو نية التجارة مع الحول فاضل عن حاجته الأصلية
Ya’ni: “Zakot – o‘suvchi nisobga yetgan mulkka ega ega bo‘lgan hur, bolig‘, musulmon kishiga farz bo‘ladi. O‘sish quyidagicha bilinadi: pul bo‘lishi (oltin, kumush, naqd pul), yaylovda o‘tlaydigan hayvon bo‘lishi, tijoratdagi mahsulot bo‘lishi. Hojati asliyadan tashqari bo‘lishi kerak. Bundan tashqari bir yil aylanishi kerak. Kishida shuncha mablag‘ bir yil davomida mavjud bo‘lsa, uning boy ekanligi ma’lum bo‘ladi. (“Fathu bobil inoya” kitobi).
Demak, zakot oltin, kumushdan, savdo uchun boqilayotgan mol-hollardan, ishlab chiqarilayotgan barcha turdagi mahsulotdan, naqd pullardan, do‘kondagi sotiladigan atir-upa, kiyim-kechak va boshqa shularga o‘xshash narsalardan o‘zi yoki qiymati beriladi. Kundalik asliy hojatiga kiradigan narsalar qo‘shilmaydi. Kundalik asliy hojatiga yashashi uchun hojatini chiqarib turgan narsalar: uy-joy, mashina, sog‘in sigir, uy ichini bezash uchun qo‘yilgan matohlar, bisotda o‘g‘il-qizga atalgan sovg‘a-sarpolar, yeyish uchun saqlab qo‘yilgan oziq-ovqat mahsulotlari kiradi. Bulardan zakot berilmaydi.
Kimda quyidagi shartlar mavjud bo‘lsa, u kishiga zakot farz bo‘ladi:
Birinchidan, moli nisobga yetgan bo‘lishi kerak. Nisob: mol-mulkning O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay’ati tomonidan har yili Ramazonda tayin qilinadigan ma’lum miqdorga yetishi. Fatvo hay’atidagilar zakot nisobini shariatga muvofiq hanafiy mazhabi asosida belgilab, e’lon qiladi.
Ikkinchidan, nisobga yetgan molga bir yil to‘lgan bo‘lishi kerak. Bu yerda bir yil hijriy va qamariy yil bilan hisoblanadi, masalan, Ramazondan Ramazongacha. Bir yil to‘lmagan moldan zakot berish farz emas.
Uchinchidan, ana shu nisobga yetgan, bir yil to‘lgan mol (yoki puli) egasining qo‘lida, ixtiyorida, tasarrufida turgan bo‘lishi lozim. Yo‘qotilgan, birovdan ololmayotgan molidan ham zakot berilmaydi.
To‘rtinchidan, zakot beriladigan molda egasining tijorat niyati bo‘lishi kerak, ya’ni sotishni, undan moddiy foydani ko‘zlagan kishi shu narsasidan ham zakot beradi. Agar sotish niyati bo‘lmasa, qiymati harchand baland bo‘lsa-da, unga zakot berilmaydi. Masalan, biror mahsulot ishlab chiqaradigan tsex – korxona va undagi qimmatbaho uskunalarga zakot berilmaydi. Undan olingan daromadidan zakot beradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.