Bu yil o‘qishga topshirmoqchiman. Agar men o‘qishga albatta kiraman deb niyat qilsam, yaxshi niyat qilgan bo‘lamanmi yoki oldindan fol ochgan bo‘lamanmi? Ochig‘i, o‘zimning o‘qishga kirishimga unchalik ishonmayman. Bu yomon niyatmi? Allohdan kirib ketishimni chin ko‘nglimdan so‘rayapman. Lekin mendanda mukammal tayyorlanayotganlar borku. Meni tayyorgarligim mukammal bo‘lmay turib o‘qishga kirishni so‘rashga haqqim bormi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Yaxshi niyat qilish dinimizda man qilingan folbinlikka kirmaydi, bu yaxshilikni kutishdir. Folbinlik – g‘aybni bilishni da’vo qilishdir. Ammo odob yuzasidan inshaalloh, o‘qishga kiraman, desangiz yaxshi bo‘ladi. Zero barcha ishlar Alloh xohlasagina amalga oshadi. Alloh taolo “Kahf” surasida:
وَلَا تَقُولَنَّ لِشَيْءٍ إِنِّي فَاعِلٌ ذَلِكَ غَدًا إِلَّا أَنْ يَشَاءَ اللَّهُ وَاذْكُرْ رَبَّكَ إِذَا نَسِيتَ وَقُلْ عَسَى أَنْ يَهْدِيَنِ رَبِّي لِأَقْرَبَ مِنْ هَذَا رَشَدًا
Ya’ni: “Biror narsa haqida: «Men, albatta, ertaga shuni qiluvchiman», deya ko‘rmang! Illo, «Inshoalloh, (Alloh xohlasa)» (deng. Bu so‘zni) unutgan vaqtingizda (yodingizga kelishi bilan) Rabbingizni zikr qiling (ya’ni «inshoalloh», deng) va: «Shoyad, Rabbim meni bundan ham yaqinroq To‘g‘ri yo‘lga hidoyat etsa», deng!» - deb marhamat qilgan (Kahf surasi 23-24 oyatlar).
O‘qishga kirishga ishonchingiz yo‘qligi yomon niyat emas, balki imtihonga tayyorgarlikdan qoniqish hosil qilmaslikdan kelib chiqadi. Ammo Allohga tavakkal qilib, astoydil harakat qilib, Allohdan so‘rasangiz, inshaalloh, maqsadingizga erishasiz. Musulmon kishi har bir ishda sabablarni qoim qilib, Allohga suyanadi. Buni tavakkal qilish deyiladi. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.