Hurmatli Ustozlar! Savolim shundan iboratki, men qabristonda go‘rkovlik qilaman. Ishimni dinimiz ko‘rsatmalari asosida bajarishga harakat qilaman. Biz tomonlarda mayitni qabrga qo‘yilgandan so‘ng "kafanini chaynab qo‘yadi", deb uni yuzini ochib qo‘yish odati mavjud. Bu qanchalik to‘g‘ri? Javob uchun tashakkur.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Umumiy holatda qabrda mayyitning yuzini ochishga biror ishonchli dalil borligini bilmaymiz. Balki shar’iy dalillarning zohiri mayyit xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol bo‘lsin, yuzi ochilmasligiga dalolat qiladi. Chunki qoidaga ko‘ra, butun tana yopilgani kabi yuzni ham yopish lozim.
Faqat erkak kishi ehromdalik holatida vafot etsa, boshi o‘ralmaydi, yuzi ham yopilmaydi. Bunga quyidagi hadis dalolat qiladi: Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Bir kishi ehromdalik holida tuyasidan yiqilib bo‘yni sindi va vafot etdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Uni suv va sidr bilan yuvinglar, ikkala kiyimiga kafanlanglar. Boshini ham, yuzini ham o‘ramanglar. Zero, u qiyomat kuni talbiya aytgan holida tiriltiriladi”, dedilar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.