Bilmasdan ovoz chiqarib o‘qigan namozlarning qazosini o‘qishim kerakmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Yolg‘iz namoz o‘qiydigan kishi Bomdod, Shom va Xufton namozlarining qiroatini istasa ovoz chiqarib o‘qiydi, istasa ichida qiroat qiladi. Ovoz chiqarib qiroat qilgani afzaldir. Bu namozlar jamoat bo‘lib ado qilinganda ovoz chiqarib o‘qish vojib bo‘ladi. Peshin va Asr namozlarini yolg‘iz o‘qiguvchi ham jamoat bo‘lib o‘qilganda ham ovoz chiqarmasdan o‘qishi vojibdir.
Ovoz chiqarmasdan o‘qiladigan namozlar ovoz chiqarib o‘qilsa yoki Bomdod, Shom va Xufton namozlari jamoat bo‘lib ado qilinganda ovoz chiqarmasdan o‘qilsa, bu xatoni sajdai sahv bilan to‘g‘rilanadi va bu namoz qayta o‘qilmaydi. Lekin yuqoridagi xatoni qilganda sajdai sahv qilmasdan namozini tugatsa, namozda vojibni tark qilish bo‘lgani uchun nuqsonli bo‘lib, durust bo‘ladi. Ana shunday namozlarni qayta o‘qish mustahabdir (Manba: “Muxtasarul viqoya” va “Fatovoi Hindiya” kitoblari). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.