MAXFIY NAMOZLARDA OVOZ KUCHAYTIRGICHDAN OVOZ ESHITILISHI MASALASI

ID: 80

04.04.2025

58

Savol:

Peshin namozida imom mikrofon taqib olganligi uchun garchi maxfiy o‘qiyotgan bo‘lsada uning qiroati orqadagilarga eshitilib turdi. Bu holatda qiroat jahriy bo‘lib qolmaydimi. Axir peshinda qiroat maxfiy bo‘lishligi kerakku?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

To‘g‘ri, Peshin va Asr namozlarida qiroat maxfiy bo‘lishligi kitoblarimizda aytib o‘tilgan. Shuningdek, fuqaholarimiz tarafidan qiroatning maxfiy yoki jahriylik darajasi ham belgilab berilgan. Jumladan “Muxtasarul viqoya”da quyidagicha keltiriladi:

وادني الجهر اسماع غيره، و ادني المخافتة اسماع نفسه، هو الصحيح.

“Jahriy qiroatning eng pasti o‘zidan boshqaga eshittirmoqdir. Maxfiy qiroatning eng pasti o‘zi eshitadigan bo‘lishidir. Mana shu to‘g‘ridir”.

“Raddul Muhtor”da yana ham batafsilroq bayon qilinadi:

فقد ظهر بهذا ان ادني المخافتة اسماع نفسه او من قربه من رجل او رجلين مثلا،

“Shundan ma’lum bo‘ldiki, maxfiy qiroatning eng pasti qiroat qiluvchining o‘zi  yoki unga yaqin turgan bir yo ikki kishining eshitadigan bo‘lishidir”.

Demak, yuqoridagi iboradan maxfiy qiroat, qiroat qiluvchining o‘zidan tashqari unga yaqin turgan bir yoki ikki kishini eshitishligi bilan jahriyga aylanib qolmasligi tushuniladi.

“Raddul Muhtor”da:

ان الامام اذا قرا في صلاة المخافتة بحيث سمع رجل او رجلان لا يكون جهرا و الجهر ان يسمع الكل اي كل الصف الاول لا كل المصلين. 

“Albatta, imom maxfiy namozda bir yoki ikki kishi eshitadigan darajada qiroat qilishi bilan uning qiroati jahriy bo‘lmaydi. Jahriy qiroat hamma eshitadigan bo‘lishi, ya’ni avvalgi safdagilar eshitadigan bo‘lishidir. Barcha namozxonlar emas”.

Yuqoridagi ma’lumotlardan shuni xulosa qilamiz: agar imom maxfiy namozda o‘zi yoki unga yaqin turgan bir yo ikki kishi eshitadigan darajada qiroat qilsa, lekin hozirgi kundagi turli zamonaviy ovoz kuchaytirgichlar orqali uning qiroati uzoqda turgan namozxonlarga ham eshitilsa,bu bilan maxfiy qiroatga putur yetmaydi. Ya’ni imomning qiroati jahriy qiroat bo‘lib qolmaydi. Chunki maxfiy yoki jahriy, bu qiroat qiluvchining fe’lidir. Shuning uchun bu o‘rinda e’tibor qiroat qiluvchining holiga qaratiladi, ovoz kuchaytiruvchi vositalarga emas. Agar maxfiy qiroat qiluvchining qiroati fiqhiy manbaalarda belgilangan darajada bo‘lsa, lekin ovoz kuchaytirgich sabab maxfiy qiroat baland eshitilsa, sajdai sahv qilinmaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar