MAVLID OYI BILAN TABRIKLASH JOIZMI?

ID: 94

04.04.2025

29

Savol:

Payg‘ambarimizning tavallud oylari bilan muborakbod etish mumkinmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tavallud oylari bilan tabriklash shar’an joizdir. Chunki tabriklash odatda biror quvonarli holatni ifodalash sanaladi. Sarvari olam Payg‘ambarimiz alayhissalomning tavalludlari – hidoyat manbaining dunyoga kelishi sanaladi. Ushbu muborak oyda o‘zaro xursandchilikni ifoda etish – marg‘ub amallarning eng afzali hisoblanadi. Zero, Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

قُلْ بِفَضْلِ اللَّهِ وَبِرَحْمَتِهِ فَبِذَلِكَ فَلْيَفْرَحُوا هُوَ خَيْرٌ مِمَّا يَجْمَعُونَ

“Ayting: “Allohning fazli va rahmati bilan, bas, (albatta), shular sababli (mo‘minlar) shodlansinlar! U to‘plagan narsa (boylik)laridan yaxshiroqdir” (Yunus surasi, 58-oyat).

Rasuli akram alayhissalom musulmon ummatiga Alloh taoloning eng buyuk fazli va rahmati hisoblanadilar. Ushbu ulug‘ ne’matdan xursand bo‘lish va ushbu xursandchilikni tabrik ila o‘zaro izhor etish ushbu oyatga amal qilish sanaladi.

Boshqa oyati karimada Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَذَكِّرْهُمْ بِأَيَّامِ اللَّهِ

“...va ularga Allohning kunlarini (o‘tmish voqealarini yoki ne’matlarini) eslatgin!” (Ibrohim surasi, 5-oyat).

Ushbu oyat bugungi kun musulmonlar hayotida katta ahamiyatga ega bo‘lgan kunlarni eslab qolishning mustahab amal ekanini qo‘llab-quvvatlaydi. Zero, Sarvari olamning tavallud kunlari nishonlash va musulmonlar bir-birlarini o‘zaro tabriklashga loyiq kunlardan biridir.

Imom Jazariy rahimahulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mavlidlari bilan xursandchilik qilishga Imom Buxoriy va boshqa muhaddislar Urva ibn Zubayrdan rivoyat qilgan quyidagi hadisni dalil qilib keltiradilar:

" وثُوَيْبَةُ مَوْلَاةٌ لِأَبِي لَهَبٍ ، كَانَ أَبُو لَهَبٍ أَعْتَقَهَا فَأَرْضَعَتْ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، لَمَّا مَاتَ أَبُو لَهَبٍ أُرِيَهُ بَعْضُ أَهْلِهِ بِشَرِّ حِيبَةٍ – أي بسوء حال -، قَالَ لَهُ : مَاذَا لَقِيتَ ؟ قَالَ أَبُو لَهَبٍ : لَمْ أَلْقَ بَعْدَكُمْ غَيْرَ أَنِّي سُقِيتُ فِي هَذِهِ بِعَتَاقَتِي ثُوَيْبَةَ "(رواه الامام البخاري)

“Suvayba Abu Lahabning ozod qilgan cho‘risi edi. Abu Lahab uni ozod qilganida Nabiy sollallohu alayhi vasallamni emizgan. Abu Lahabning oilasidan bir kishi – boshqa rivoyatda Abbos roziyallohu anhu ekani aytiladi – tushida yomon holatda ko‘rdi. Unga: “Nimalarga duchor bo‘lding?” deb so‘radi. Shunda: “Sizlardan ajragandan keyin (yaxshilik ko‘rmadim), lekin mana bular bilan Suvaybani ozod qilganim sababli sug‘orilaman” dedi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Suhayliyning rivoyatida, azob har dushanba kuni yengillatilishi aytiladi.

Ushbu rivoyatdan ma’lum bo‘ladiki, Payg‘ambarimiz alayhissalomning tavalludlaridan xursandchiligini izhor qilib, cho‘risini ozod qilgani sababli hatto kofirga azob yengil bo‘lsa, musulmon kishi ushbu kun sababidan xursand bo‘lsa va uni boshqalarga izhor etsa, savobga erishishga yanada haqli bo‘ladi.

Shu bilan birga ushbu muborak oyda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavotlarni ko‘paytirish, u zotning xayotlarini chuqurroq o‘rganib, sunnatlariga yanada ko‘proq amal qilish maqsadga muvofiqdir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar