MASJIDUL-HAROMDA O‘QILGAN NAMOZ

ID: 165

04.04.2025

235

Savol:

Makkai mukarramadagi haram hududi masjid hududidan ko‘ra ancha kengroq hisoblanadi. Shunga ko‘ra, Masjidul Harom fazilati faqatgina ushbu masjidning o‘zigagina xosmi yoki butun haram hududidagi ibodatlarga ham tegishlimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Masjidul-haromda ado etilgan namoz boshqa masjidlardagi namozlardan yuz ming barobar afzal hisoblanadi. Bu borada Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan sahih hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

"صلاة في مسجدي هذا أفضل من ألف صلاة فيما سواه من المساجد إلا المسجد الحرام و صلاة في المسجد الحرام أفضل من مأة صلاة في هذا"

Ya’ni “Mening masjidimdagi bir namoz boshqa masjidlardagi mingta namozdan afzaldir. Magar Masjidul-harom bundan mustasno. Masjidul-haromdagi bir namoz bu yerdagi yuzta namozdan afzaldir” (Imom Ahmad, Bazzor va Ibn Xuzaymalar rivoyat qilgan). Bu borada muhaddislar tomonidan boshqa lafz va boshqa rivoyatlar bilan bir necha hadislar rivoyat qilingan bo‘lib, ushbu masalada ulamolar oralarida ixtilof yo‘qdir. Ammo mazkur afzallik faqatgina masjid hududiga xos yoki butun haram hududini o‘z ichiga olishi borasida ulamolarning qarashlari farq qiladi. Ba’zi faqihlar bu fazilat faqatgina “Ka’ba atorfidagi jamoat namozigagina xosdir” degan bo‘lsalar, boshqa fuqaholar esa “Yo‘q, balki bu afzallik Haramning barcha hududiga tegishlidir” deydilar.  Birinchi qarash imom Molikning mazhablari bo‘lib, shofe’iylardan imom Navaviy ham o‘zining “Al-Majmu’” va “At-Tahzib” nomli  asarlarida bu fatvoni qo‘llab quvvatlaganlar. Shuningdek, buyuk imomlardan Al-Isnaviy “Kuchli gap shudir” degan va Ibn Xajar ham “Tuhfa” nomli kitobida ushbu fatvoni ixtiyor etgan. Al-Muhib at-Tabariy ham ushbu fazilat Masjidul-harom hududida jamoat bilan ado etilgan namozlargagina xosligiga ishora bordir, deganlar. Hanafiy mazhabining haj va umra arkonlariga doir mashhur manbalaridan biri hisoblanmish “Al-Mansakul-kabir” kitobida keltirilishicha: "Hanafiy faqihlarining eng mo‘’tabar fatvolari ham huddi shundaydir. Ammo ikkinchi qavlga ko‘ra: mazkur afzaliyat nafaqat Masjidul-haromning, balki Haramning umumiy hududini o‘z ichiga olib, unga ko‘ra bir kishi Haramning istalgan hududida namoz o‘qisa, boshqa yerda o‘qilgan yuz mingta namozdan afzal hisoblanadi. Ushbu qavlni shofe’iylardan imom Movardiy ham quvvatlaganlar".

“Raddul-muhtor” kitobida, shuningdek imom al-Biyriy “Sharhul-ashboh” asarida quyidagilarni aytgan: “Hanafiy ulamolarimizga ko‘ra, bu boradagi mashhur fatvo shuki, namozning yuz ming barobardan ortiqligi Makka shahri va barcha haram hududini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, mazkur fazilat nafaqat namozgagina tegishli, balki boshqa barcha savobli amallarni ham o‘z ichiga oladi. Zotan, “Haramdagi savobli amallar yuz ming barobarga ko‘paytirib beriladi” degan hadisi sharifni Mullo Sinon “Qurratul-uyun” nomli kitoblarida zikr qilganlar” ("G‘unyatun nosik" kitobi). Yuqorida zikr etilgan dalil va fatvolardan kelib chiqib, ulamolarimiz shunday xulosaga kelganlarini ko‘rishimiz mumkin:

  1. Masjidul-haromda jamoat bilan o‘qilgan farz namozlari hech bir xilofsiz boshqa joy yoki masjidlarda o‘qilgan yuz mingta namozdan afzaldir.

  2. Masjidul-haromdan tashqari, lekin umumiy Haram hududi yoki Makka shahri hududida ado etilgan namozlarning ham boshqalaridan yuz ming daraja afzalligini umid qilinadi. Xususan, jiddiy uzrga ega bo‘lgan keksa va bemor kishilarning istiqomat manzili Haram hududida joylashgan bo‘lsa, ushbu manzillarida qilgan ibodatlari uchun Alloh taoloning fazli bilan yuz ming barobar ajr berilishi umid qilinadi. Ammo jiddiy uzri bo‘lmagan yosh va navqiron yigitlar yoki jamoatga borishga imkoni bor kishilar imkon qadar farz namozlarini Masjidul-haromda jamoat bilan o‘qishlari maqsadga muvofiqdir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar