MASJIDDAGI GULLARGA HAYVON GO‘NGINI SOLISH

ID: 14

04.04.2025

95

Savol:

Masjiddagi tuvaklarda gullar bor. Shu gullarga hayvonning go‘ngi solinadi. Shunday qilish joizmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Dinimizda masjid Alloh taoloning uyi deyiladi va uni pokiza saqlashga buyuriladi. Bu maskan Alloh taologa ibodat qilinadigan, Unga tasbeh aytib ulug‘lanadigan joy hisoblanadi. Shuning uchun masjidlarda nomaqbul ishlar, behuda gap-so‘zlar taqiqlangani kabi najosatlarni olib kirishga ham ruxsat berilmagan.    Shuning uchun ham shariatda najas hisoblangan hayvon go‘ngini masjidga olib kirish mumkin emas. Chunki unday qilish masjidlarni pok tutish haqidagi shariat ko‘rsatmasiga zid hisoblanadi. Qolaversa, gulga go‘ng solish uni parvarish qilishning yagona vositasi emas. Uning o‘rniga mineral o‘g‘itlar, chirindilardan ham foydalanish mumkin. Fiqhiy manbalarimizda masjidga najosat olib kirish man etilgani haqida iboralar kelgan:

وَ كُرِهَ تَحْرِيمًا ...إِدْخَالُ نَجَاسَةٍ فِيهِ وَعَلَيْهِ فَلَا يَجُوزُ الِاسْتِصْبَاحُ بِدُهْنٍ نَجِسٍ فِيهِ  وَلَا تَطْيِينُهُ بِنَجِسٍ

“Masjidga najosat olib kirish makruhi tahrimiy sanaladi. Shunga ko‘ra masjidni najosat bo‘lgan yog‘ bilan yoritish, najosat bo‘lgan loy bilan suvoq qilish mumkin emas”. (“Raddul muhtor” kitobi).

لَا يَدْخُلُ الْمَسْجِدَ مَنْ عَلَى بَدَنِهِ نَجَاسَةٌ

“Badanida najosat bor inson masjidga kirmaydi”. (“Fatovo Olamgiriya” kitobi).

يُكْرَهُ أَنَّ يُطَيَّنَ الْمَسْجِدُ بِطِينٍ قَدْ بُلَّ بِمَاءٍ نَجِسٍ

“Najas suv bilan qorilgan loy bilan masjidni suvoq qilish makruhdir”. (“Fatovo Olamgiriya” kitobi). Vallohu a’lam. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar