Jamoat namoziga kech qolgan kishilar o‘zaro kelishib ikkinchi jamoat bo‘lib o‘qishlari mumkin emasmi? Kecha shunday holat bo‘lgan edi, masjid xodimlardan biri menga tanbeh berib, birinchi jamoatdan kech qolgan kishi yolg‘iz o‘qiydi, jamoat bo‘lib o‘qimaydi, dedi. Shunga aniqlik kiritib bersangiz.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ikkinchi jamoat joiz yoki nojoizligi masjidlarning quyidagi ikki turga bo‘linishiga bog‘liq hisoblanadi:
Ushbu turdagi masjidlarda qavm imom bilan birgalikda jamoat namozini ado qilgach, boshqa bir jamoatning ikkinchi jamoat bo‘lib namozni ado qilishlari makruh hisoblanadi. Bu haqida Imom Saraxsiyning “Mabsut” nomli kitoblarida quyidagicha keltirilgan:
و اذا دخل القوم مسجدا قد صلي فيه اهله كرهت لهم ان يصلوا جماعة باذان واقامة ولكنهم يصلون وحدانا بغير اذان ولا اقامة (1ج 135 ص)
ya’ni: “Bir qavm (imom bilan) namoz o‘qilgan masjidga kirsa, ular uchun u yerda azon va iqomat aytib, jamoat bo‘lib namoz o‘qish makruh bo‘ladi. Shuning uchun ular azon va iqomatsiz yolg‘iz-yolg‘iz namoz o‘qishadi”.
Bu holatda avvalgi jamoat – masjid imomi bilan o‘qilgan namozga yetisha olmagan kishi namozni yolg‘iz holda o‘zi o‘qiydi.
Imom Ahmad o‘z “Musnad” larida Abdurrohman ibn Abu Bakr raziyallohu anhudan rivoyat qilib keltirgan hadisda mana bunday deyilgan:
ان رسول الله صلي الله عليه و سلم كان خرج ليصلح بين قوم فعاد الي المسجد وقد صلي اهل المسجد فرجع الي منزله فجمع اهله وصلي
ya’ni: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir qavmning o‘rtasini isloh qilish uchun uylaridan chiqdilar. Qaytib kelganlarida masjidda namoz jamoat bilan o‘qib bo‘lingan edi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ayollaridan birining uyiga kirib, ahllarini jamladilar va ular bilan jamoat bo‘lib namoz o‘qidilar”.
Agar masjidda qayta jamoat bo‘lish maqbul bo‘lganida Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni aslo tark qilmas edilar. CHunki u zotning masjiddagi jamoat boshqa yerdagi jamoatdan ko‘ra afzalroqdir.
“Durrul Muxtor” kitobida quyidagicha keltirilgan:
لو دخل جماعة المسجد بعدما صلي فيه اهله يصلون وحدانا هو ظاهر الرواية
“Bir jamoat imom bilan namoz o‘qilgan masjidga kirsa, ular namozni yolg‘iz-yolg‘iz bo‘lib o‘qiydilar. Mana shu “Zohirur-rivoya”dir” deyilgan. (2-juz, 246-bet).
Imomi tayin qilinmagan, azon va iqomat aytilib, namozlar jamoat bilan o‘qilmaydigan musofir-yo‘lovchilar, ishchi-xizmatchilar uchun qurilgan masjid yoki namozxonalarda shuningdek, mehmonxona, oshxonalarda va yo‘l bo‘yidagi masjidlarda azon va takbir bilan ikkinchi, uchinchi jamoat bo‘lib namoz o‘qishlik joiz. “Roddul Muhtor” kitobida shunday kelgan:
ويكره تكرار الجماعة باذان واقامة في مسجد محله لا في مسجد طريق او مسجد لا امام له ولا مؤذن (2ج 288 ص)
ya’ni: “Mahalla masjidida azon va iqomat bilan ikkinchi jamoat bo‘lib namoz o‘qish makruh. Yo‘l bo‘yidagi masjidlar hamda muayyan imomi va mu’azzini bo‘lmagan masjidlarda makruh emas” (2-juz, 288-bet).
Xulosa: Yuqoridagi ma’lumotlardan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, savol egasi agar masjid qavmlaridan bo‘lib, asosiy jamoatga kech qolgan suratda “o‘zaro kelishib ikkinchi jamoat bo‘lib o‘qishlari” mumkin emas. Bu o‘rinda masjid xodimining bergan tanbehi o‘rinli. Agar masjid qavmlaridan emas, balki musofir bo‘lsalar o‘zaro jamoat bo‘lib o‘qishliklarida zarar yo‘q. Demak, har bir mo‘min kishi imkon qadar namozlarni masjidda birinchi (asosiy) jamoat bilan o‘qishga harakat qilishi lozim. Shunda u jamoat namozidan ko‘zlangan haqiqiy ma’no – jamlanishni topgan va uning ajrini qo‘lga kiritgan hisoblanadi. Aks holda bu holat “birinchisi bo‘lmasa, keyingisiga ulguraman”, degan noto‘g‘ri tushunchaga, jamoatga nisbatan beparvolikka olib keladi. Oqibatda masjidda kichik-kichik jamoatlar, ya’ni bo‘linish yuzaga keladi. Bu esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan yo‘llariga mutlaqo xilofdir. Zero, jamoat qanchalik katta bo‘lsa, uning savobi ham shuncha ulug‘ bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.