Bir hadis eshitdim, masjidda gaplashmang, aks holda 27 yil qilgan ibodatingiz o‘chib ketadi, deyishdi. Bu qanchalik ishonchli hadis?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Mashhur mufassir Ismoil Haqqiy o‘zlarining “Ruhul bayon” tafsirida shunday deganlar: “Aytilishicha, masjid, ilm majlisi, mayyitning yoni, qabriston, azon aytilayotgan vaqt va Qur’on o‘qilayotgan paytda dunyo gaplarini so‘zlashish 30 yillik savobni ketkazadi”.
Ko‘rinib turibdiki, mufassir bu gapni “aytilishicha”, deb boshlamoqda, lekin hadis demaganlar. Bu so‘zni mo‘’tabar hadis kitoblarida ham uchratmadik. Bu gapni Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan boshqa kishi o‘z aqlidan kelib chiqib, ayta olmaydi. Buning ustiga bu so‘z dinimizdagi "Amallarni faqat kufr yoki shirk butunlay yo‘qqa chiqaradi", degan umumiy qoidaga zid kelmoqda.
Bu mavzuda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis rivoyat qilingan:
سَيكون فِي آخر الزَّمَان قوم يكون حَدِيثهمْ فِي مَسَاجِدهمْ لَيْسَ لله فيهم حَاجَة (رواه الامام ابن حبان عن ابْن مَسْعُود رضي الله عنه)
ya’ni: “Oxir zamonda shunday kishilar chiqadiki, ularning suhbatlari masjidlarida bo‘ladi. Allohning ularga hojati yo‘q” (Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Bir qaraganda hadisi sharifdan masjidda har qanday gap-so‘zlarni gaplashish mumkin emasga o‘xshab ko‘rinadi. Lekin muhaqqiq ulamolar: “Harom va botil aralashmagan din va dunyo uchun muhim bo‘lgan so‘zlarnigina gaplashish joiz”, – deydilar. Bunga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning shoir sahoba Hasson ibn Sobit raziyallohu anhuga mushriklarning Alloh va Rasuliga to‘qigan bo‘htonlariga raddiya tarzida masjidda she’r o‘qishga ruxsat berganlari dalil bo‘ladi. Bu haqidagi rivoyatni Imom Buxoriy va Imom Muslim o‘zlarining "Sahih"larida keltirganlar.
Mumkin bo‘lmagan gaplashish – masjiddagi namozxonlarni bezovta qiladigan, masjidning hurmatini tushiradigan va bekorchi gap-so‘zlardir. Gunoh bo‘lmaydigan so‘zlarni masjidda gaplashish joiz bo‘lsada, namozxonlarga u yerda ibodat va zikr bilan mashg‘ul bo‘lish tavsiya qilinadi, chunki masjid aynan ana shu ishlar uchun bino qilingan.
Yana masjidda man qilingan ishlarga unda ovozni ko‘tarish (baqir-chaqir qilish), yo‘qolgan narsasini e’lon qilish va savdo-sotiq bilan shug‘ullanish kiradi. “Fatavoi hindiya” kitobida esa bu mavzuda shunday deyiladi:
الْجُلُوسُ فِي الْمَسْجِدِ لِلْحَدِيثِ لَا يُبَاحُ بِالِاتِّفَاقِ ؛ لِأَنَّ الْمَسْجِدَ مَا بُنِيَ لِأُمُورِ الدُّنْيَا ، وَفِي خِزَانَةِ الْفِقْهِ مَا يَدُلُّ عَلَى أَنَّ الْكَلَامَ الْمُبَاحَ مِنْ حَدِيثِ الدُّنْيَا فِي الْمَسْجِدِ حَرَامٌ .قَالَ : وَلَا يتَكَلَّمُ بِكَلَامِ الدُّنْيَا ، وَفِي صَلَاةِ الْجَلَّابِيِّ الْكَلَامُ الْمُبَاحُ مِنْ حَدِيثِ الدُّنْيَا يَجُوزُ فِي الْمَسَاجِدِ ، وَإِنْ كَانَ الْأَوْلَى أَنْ يَشْتَغِلَ بِذَكَرِ اللَّهِ تَعَالَى - كَذَا فِي التُّمُرْتَاشِيِّ .
ya’ni: “Masjidda gaplashish uchun o‘tirish muboh emasligiga ulamolar ittifoq qilganlar, chunki masjid dunyo ishlari uchun qurilmagan. “Xizonatul fiqh” kitobida masjidda muboh bo‘lgan dunyo so‘zlarini gaplashish haromligiga dalolat qiladigan ibora bor. Unda: “(Masjidda) dunyo so‘zlarini so‘zlanmaydi”, – deyilgan. “Salotul Jallobiy” kitobida esa: “Agarchi Allohning zikri bilan mashg‘ul bo‘lish yaxshiroq bo‘lsada, muboh bo‘lgan dunyo so‘zlarini masjidda gaplashish joiz bo‘ladi”, – deyilgan”.
Demak, masjidda bekorchi gap so‘zlarni gaplashish, baqir-chaqir, savdo-sotiq va namozxonlar ibodatiga xalaqit qilish, yo‘qolgan narsasini e’lon qilish mumkin emas. Buni ulamolar “haromga yaqin makruh” deganlar.
Garchi zaruratda muboh bo‘lgan dunyo so‘zlarini gaplashish mumkin bo‘lsada, masjidda ibodat va zikr bilan mashg‘ul bo‘lish yaxshiroqdir. Chunki masjidlar ana shu amallar uchun qurilgandir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.