MASHINANING ZARARINI QOPLAB BERISH

ID: 3216

12.10.2025

57

Savol:

Assalamu alaykum ustozlar. Ikki mashina o‘rtasida yo‘l hodisasi yuz bersa, aybdor odam ikkinchi odamning mashinasiga yetgan zararni qoplab beradi, ta’mirlash harajatlarini o‘z bo‘yniga oladi. Lekin mashina ta’mirlangandan keyin albatta bozordagi narxi ham tushadi va aybsiz deb topilgan odam zarar ko‘radi. Mana shu zararni aybdor odam qoplab berishi kerakmi? Chunki ba’zi o‘rinlarda mashinaning narxi katta miqdorda tushib ketadi. Rahmat javob uchun!

Javob:

Ha, shariatga ko‘ra, aybdor haydovchi jabrlanuvchining mashinasini ta’mirlash xarajatlarini qoplash bilan birga, ta’mirdan keyingi qiymatning tushishidan kelib chiqqan zararni ham to‘lab berishi lozim bo‘ladi. Islom fiqhidagi "zominlik" qoidasining asosiy maqsadi jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni imkon qadar to‘liq bartaraf etib, uni hodisadan oldingi holatiga qaytarishdir. Avtomobilni ta’mirlash uning jismoniy nuqsonini tuzatgani bilan, bozordagi qiymatiga putur yetadi, chunki "yo‘l-transport hodisasiga uchragan" degan sifat uning qadrini pasaytiradi. Bu qiymatdagi pasayish ham aslida aybdorning xatti-harakati tufayli yuzaga kelgan zararning bir qismidir va u ham qoplanishi shart.

Bu masala mo‘’tabar fiqhiy manbalarda ko‘plab misollar bilan yoritilgan. Xususan, "Fatovoyi Hindiya" kitobida bunga o‘xshash bir masala keltiriladi. Unda kiyimni yirtib, so‘ng uni yamab bergan kishining javobgarligi so‘z yuritilib, bu holatda faqat yamash kifoya qilmasligi, balki kiyimning yamalgani sababli yo‘qotilgan qiymati ham to‘lanishi kerakligi aytilgan. Mashina masalasini ham aynan shunga qiyos qilish mumkin.

قَال أَبُو يُوسُفَ – رَحِمَهُ اللَّهُ تَعَالَى -: رَجُلٌ خَرَقَ طَيْلَسَانًا لِرَجُلٍ ثُمَّ رَفَاهُ، قَالَ: أُقَوِّمُهُ صَحِيحًا وَأُقَوِّمُهُ مَرْفُوًّا وَأُضَمِّنُهُ فَضْلَ مَا بَيْنَهُمَا. (الفتاوى الهندية)

Imom Abu Yusuf rahimahulloh aytadilar: «Bir kishi boshqaning libosini yirtsa, so‘ngra uni yamab bersa, uning qiymati butun holida va yamalgan holida baholanadi. Aybdor ularning o‘rtasidagi farqni to‘lab beradi». («Fatovoyi Hindiya»)

Xulosa shuki, zararni hisoblashda mashinaning avariyadan oldingi bozor narxi va ta’mirdan keyingi bozor narxi aniqlanadi. Ta’mirlash xarajatlaridan tashqari, shu ikki narx o‘rtasidagi farq ham aybdor tomonidan qoplab beriladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar