MASHINANI SOTIB QAYTA SOTIB OLISH

ID: 4648

28.11.2025

78

Savol:

Sotgan mashinamni naqdga sotib, yana qayta nasiyaga sotib olsam boʻladimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Bunday savdo durust emas. Chunki bunday holatda xaridor hech narsaga ega bo'lmasdan qarzdor bo'lib qolmoqda. Bu haqda Alloma Haskafiy shunday deganlar: (و) فسد (شراء ما باع بنفسه أو بوكيله ) من الذي اشتراه ( بالأقل ) من قدر الثمن الأول ( قبل نقد ) كل (الثمن) الأول. صورته: باع شيئا بعشرة ولم يقبض الثمن ثم شراه بخمسة لم يجز “Kishi o'zi yoki vakili sotgan narsaning pulini to'liq olmasdan avval xaridordan avvalgi narxdan arzonga sotib olishi – shar'an fosid savdodir (ya'ni, joiz emas). Bunday savdoning ko'rinishi: Sotuvchi 10 ga bir narsa sotdi va pulini qo'liga olmadi. Keyin uni 5 ga o'zi qaytib sotib olsa, joiz emas” (“Durrul-muxtor” kitobi). Demak, sotuvchi sotgan narsasini hamma pulini olishidan avval uni arzonroqqa sotib olishi joiz emas va bunday savdoni buzish lozim bo'ladi. Lekin, sotuvchi nasiyaga sotgan narsasini avvalgi narxda yoki undan ko'proq narxga sotib olishi joiz. Shuni ham qo'shimcha qilish joizki, mazkur savdo ko'rinishida agar mahsulot xaridorning mulkidan chiqib, yana yangi mulk bo'lib qaytib kelsa: masalan, uchinchi shaxsga sotsa va savdoni bekor qilib qaytarib olsa, yoki uchinchi shaxs o'sha mahsulotni sotib olgandan keyin unga sovg'a qilsa, ana o'shanda avvalgi sotuvchi avvalgi narxidan ozrog'iga qayta sotib olishi mumkin bo'ladi. Bu haqda Alloma Ibn Nujaym shunday deydilar: ولو خرج المبيع عن ملك المشتري ثم عاد إليه فإن عاد إليه بحكم ملك جديد كالإقالة قبل القبض أو بعده أو بالشراء أو الهبة أو بالميراث فشراء البائع منه بالأقل جائز، ya'ni: “Agar tovar xaridorning mulkidan chiqib, yangi mulk hukmida o'ziga yana qaytib kelsa, masalan savdoni bekor qilish bilan qaytsa (bunda qabzdan oldin yoki keyin bo'lishning ahamiyati yo'q) yoki kimgadir sotib, yana qaytib sotib olsa, yoki kimdandir sovg'a sifatida qabul qilib olsa yoxud meros orqali qaytib kelsa, xaridordan o'sha mahsulotning birinchi egasi avvalgi narxidan oziga sotib olishi joiz bo'ladi” (“Al-Bahrur-roiq” kitobi). Xulosa qilib aytganda, savolda so'ralgan masalada ikkinchi savdoni buzish lozim bo'ladi. Buning echimi sifatida o'sha mashinani bozorda avvalgi egasidan boshqa odamga sotib, undan tushgan pulni birinchi savdodan юzaga kelgan muddatli qarzni to'lash va qolgan summani kelishilgan muddatda bo'lib to'lash mumkin. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar