Meni oilam mashina olib sotish bilan shug‘ullanishadi. Ular bozordan yangi lekin uncha muncha qaralmay haydalgan mashina olib uyda 2 hafta kuni tun mehnat qilib uni ta’mirlab yangi balon va shunga o‘xshash yangi narsalarni qo‘yib, xuddi avtosalondan chiqqanday qilib qo‘yishadi. Yangiligini isbotlash uchun birka ya’ni old oynasiga qog‘oz yopishtirib o‘rindiqlariga selofan kiygizishadi. Shu ishlari to‘g‘rimi? Shu ishlari halolmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Agar o‘sha mashinani sotayotganda ta’mirlab sotilyotganini ochiq aytib savdolashilsa, buni zarari yo‘q. Uni yuvib, odamlarni ko‘ziga chiroyli qilib bozorga olib chiqishning zarari yo‘q. Chunki har qanday tovar bozorga chiroyli holda olib chiqiladi. Muhimi o‘sha mashinani aybu nuqsonlari bo‘lsa, yashirmaslik kerak. Lekin uni kamchiliklari yashirilsa, km ko‘rsatkichlari kamaytirilsa, bozorga olib chiqib sotib oluvchiga yolg‘on ma’lumotlar bilan aldab sotilsa, bu savdo halol bo‘lmaydi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam taom sotayotgan odamning oldidan o‘tayotib: "Qanday sotayapsan?" deb so‘radilar. U xabar berdi. Shunda u zot sallallohu alayhi vasallamga, qo‘lingni u(taom)ning ichiga tiq, deb vahiy qilindi. U zot qo‘llarini tiqsalar ho‘l ekan. Bas, Nabiy sallallohu alayhi vasallam: « Kim aldasa, bizdan emasdir», dedilar. Abu Dovud, Muslim va Termiziy rivoyat qilgan.
Muslim va Termiziyning lafzida: «U zot: «Ey, taom egasi! Bu nima?!» dedilar. «Yomg‘ir tekkan edi, ey, Allohning Rasuli», dedi. «Buni odamlar ko‘rishlari uchun taomning ustiga qilsang bo‘lmasmidi! Kim aldasa, mendan emas!» dedilar». Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.