MASHINA ESHIKLARIDAGI KARNAYLARDAN QUR’ON ESHITISH

ID: 974

04.04.2025

76

Savol:

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum kishining mashina eshiklariga o‘rnatilgan, oyoqlar yonida turadigan karnaylardan Qur’oni karim tilovatini eshitib bo‘lmasligi haqidagi fatvosi aylanib yuribdi. Shu masalaga oydinlik kiritib bersangiz.

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Karnaylar mashinaning eshiklariga o‘rnatilgan bo‘lsa, ya’ni, yon tomonda bo‘lsa, ulardan Qur’on tilovatini eshitish joiz. Chunki bu holatda Qur’onning qadrini pastga uradigan hech qanday harakat yo‘q. Yon tomondagi karnaylardan qiroat tinglash bilan hech kim Qur’onni xorlashni niyat qilmaydi. Zero Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam amallarning hukmi niyatlarga bog‘liq ekanini ta’kidlab aytadilar:

إنَّما الأعْمالُ بالنِّيَّاتِ

ya’ni: “Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir...” (Muttafaqun alayh, Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan). Faqat Qur’on o‘qilayotganda uni tinglamasdan boshqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘linmasa bo‘lgani.

Buning ustiga dinimizda Qur’onni faqat yuqori tomondan eshiting, degan ko‘rsatma ham mavjud emas. Savolda zikr qilingan “fatvo”da esa aytarli birorta dalil keltirilmagan. Vaholanki, uzoq yillardan beri Ka’batulloh masjidi va boshqa masjidlarning ikkinchi qavatida turib,  pastda bo‘lgan birinchi qavatdagi qiroatni eshitiladi. Ulamolardan hech kim hozirgacha, qiroat pastdan kelyapti, deb buni inkor qilgani yo‘q.  

  Ma’lumki, Qur’on o‘qish singari uni tinglash ham juda savobli ish, agar yuqoridagi kabi fatvolar bilan buning yo‘li to‘silsa, ko‘pchilik Qur’on o‘rniga boshqa narsalarni eshitadi, bular esa katta ehtimol bilan bekorchi-lag‘v narsalar ham bo‘lishi mumkin. 

Darhaqiqat, Qur’oni karim Alloh taoloning kalomi, Payg‘ambarimizga berilgan eng katta mo‘jizadir. Alloh taolo bilan banda o‘rtasida qancha farq bo‘lsa, Qur’oni karim va odamlarning so‘zlarida ham shunchalik farq bor. Hatto Qur’oni karimni tahoratsiz ushlash joiz emas.

Qur’onni hurmatlashdagi birinchi qadam uning qiroatiga jim turib quloq solishdir. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:

وَإِذَا قُرِئَ الْقُرْآَنُ فَاسْتَمِعُوا لَهُ وَأَنْصِتُوا لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ  

ya’ni: “Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz!” (A’rof surasi 204-oyat). Ikkinchi qadam esa Qur’oni karim oyatlarini tadabbur va tafakkur qilishdir. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:

وَلَقَدْ يَسَّرْنَا الْقُرْآَنَ لِلذِّكْرِ فَهَلْ مِنْ مُدَّكِرٍ  

ya’ni: “Haqiqatan, Biz Qur’onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo‘ydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!” (Qamar surasi 17-oyat).

Qur’onga hurmatning nihoyasi unga amal qilishdir. Alloh taolo shunday deydi:

وَأَنْ لَوِ اسْتَقَامُوا عَلَى الطَّرِيقَةِ لَأَسْقَيْنَاهُمْ مَاءً غَدَقًا  

ya’ni: “Albatta, agar ular (to‘g‘ri) yo‘lda ustuvor turganlarida, albatta, Biz ularni serob qilgan bo‘lur edik” (Jin surasi 16-oyat).

Mana Qur’onni qanday hurmat qilish kerak! Qadimdan ota-bobolarimiz Qur’oni karimning hurmatini joyiga qo‘yib kelishgan. Fiqh kitoblarimizda Qur’onga va ilm kitoblariga oyoq uzatmaslik, Mushafi sharifni ustiga boshqa kitoblar, hatto qalam ham qo‘yilmasligi ta’kidlanadi. 

Biz ham bu odoblarni qo‘llab-quvvatlaymiz, lekin masalani qattiq olib odamlarga qiyinchilik paydo qilishni yoqlamaymiz. Zero, Qur’oni karimga amal qilish uni eshitishdan boshlanadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar