MAKRUH VAQTLARDA EHROM NAMOZINI O‘QISH

ID: 26

04.04.2025

131

Savol:

Umraga ehrom bog‘lashda miyqotda ikki rakat namoz o‘qiladi. Mana shu namoz asrga yoki asrdan keyinga to‘g‘ri kelib qolsa, o‘qish mumkinmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Umraga ehrom bog‘lashda ikki rakat nafl namoz o‘qishning hukmi sunnat bo‘lib, uni miyqotdagi masjidda o‘qish mustahab hisoblanadi. Bu namoz nafl bo‘lganligi uchun asr o‘qilgandan keyin o‘qish makruhdir. Shuning uchun agar bu namozni o‘qish asr vaqtiga to‘g‘ri kelib qolsa, avval ehrom namozini keyin asr namozini o‘qiydi. Agar masjidga borganda jamoat asr namozini o‘qiyotgan bo‘lsa, ularga qo‘shilib asr namozini ado etadi va shu bilan ehrom namozini ham o‘qigan bo‘ladi. Bu haqida “Irshodus soriy ila manosik mulla Ali qoriy” da bunday deyilgan:

ثم يصلي الركعتين بعد اللبس ينوي بهما سنة الإحرام ليحرز فضيلة السنة ويستحب إن كان بالميقات مسجد أن يصليهما فيه ولا يصلي في وقت مكروه وتجزئ المكتوبة عنها 

“Ehrom libosini kiygach, ehromning sunnatini niyat qilib, ikki rakat namoz o‘qiydi. Bu bilan sunnatning fazilatiga erishadi. Agar miyqot joylashgan hududda masjid bo‘lsa, unda o‘qish mustahab sanaladi. Nafl namoz o‘qish makruh bo‘lgan vaqtda o‘qimaydi. Farz namoz ehrom namozi o‘rniga o‘tadi”.

Agar hali Madinada turgan vaqtda asr vaqti kirib qolgan bo‘lsa, yuqorida aytilgandek, masjidda yoki mehmonxonada avval ehrom namozini o‘qib, keyin asrni o‘qisa bo‘ladi. Miyqotga borganda makruh vaqti kirib qolgani uchun, umraga niyat qilib, talbiyani boshlab, yo‘lida davom etaveradi. Vallohu a’lam.   

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar