Mening bir tanishim kabob pishirib sotadi va hammaga har xil narxda sotadi. Shu ish to‘g‘rimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Sotuvchi o‘zining mulki bo‘lgan mahsulotni istagancha tasarruf qiladi, narx qo‘yadi, arzon qiladi, qimmat qiladi. Bir kishiga arzonroq, boshqasiga qimmatroq sotishining shar’iy tomondan man qilingan joyi yo‘q. Chunki savdoning tarifida ulamolarimiz: “O‘zaro rozilik bilar molni molga almashtirishdir” – deganlar (“Muxtasarul viqoya” kitobi). Bu haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
"انما البيع عن تراض" (رواه الامام ابن ماجة عن ابي سعيد الخدري رضي الله عنه)
ya’ni: “Albatta, savdo ikki tomonning roziligi bilandir” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Savdoda asosiy omil sotuvchi va xaridorning o‘zaro roziligidir. Qolaversa mahsulotlarga narx belgilashda ommaga zarar yetmaydigan bo‘lsa, sotuvchi ixtiyorli. Uning ishiga boshqalar aralasha olmaydi.
Har bir narsaning odobi bo‘lganidek savdoda ham sotuvchi va oluvchiga oid odoblar mavjud. Sotuvchi yolg‘on gapirmasligi, xiyonat qilmasligi tarozidan urmasligi va xaridorni hurmat qilishi, xaridor kambag‘alroq bo‘lsa ozroq narxdan tushib berishi maqtovga sazovor ishlardandir. Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam savdoda saxiy bo‘lish haqida shunday deganlar:
"إن الله يحب سمح البيع سمح الشراء سمح القضاء" (رواه الامام الترميذي عن ابي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni: “Albatta, Alloh oldi-sotdida qo‘li ochiq, hukm yuritishda adolatli bo‘lganlarni yaxshi ko‘radi" (Imom Termiziy rivoyatlari). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.