Assalomu alaykum. Men Xitoydan mahsulotlar olib kelib sotaman. Hozir yangi mahsulot chiqqan — chaqaloqlar uchun qattiq pechenye. U judayam qattiq, ya’ni 6 oydan oshgan chaqaloqlarga tishi chiqishida bersa, unga ham ozuqa, ham tishini og‘riqlarini ancha bosadi. Ishlab chiqaruvchi — Xitoy. Lekin halol belgisi yo‘q. Sotuvchidan so‘rasam, tarkibi oddiy pechenyelarnikidek, boshqa ma’lumot bilmayman, deyapti. Tarkibi: Bug‘doy uni, A2ß-kazein to‘liq suti (23,7%), konsentrlangan olma sharbati, kraxmal, soya oqsili izolyati, maltodekstrin, xamirturush, kaltsiy karbonat, temir pirofosfat, sink glyukonat, tiamin gidroxlorid, fosfolipidlar. Bu mahsulotni sotishim qanchalik to‘g‘ri? Hamma yeydigan mahsulotimizda ham halol belgisi bor emasku? Tarkibiga qaraganimizning o‘zi yetarlimi? Lekin daromadimga harom luqma kirishini xohlamayman, shunchaki u mahsulotning xaridori juda ko‘p, menga olib keling deydiganlar ko‘pligi uchun so‘rayapman.
Va alaykum assalom. Fiqhga ko‘ra, go‘shtdan boshqa ashyolarning asli halollikdir. Modomiki uning tarkibida harom modda borligi aniq bo‘lmas ekan, u halol hisoblanadi. Siz keltirgan tarkibdagi "fosfolipidlar" moddasi o‘simlikdan yoki halol hayvondan olingan bo‘lsa, mahsulot ham halol. Bordi-yu u harom hayvondan olingan bo‘lsa, u holda iste’moli durust emas. Vallohu a’lam.