MAHR SIFATIDA ILMGA OʼQITISH OʼTADIMI

ID: 3612

25.10.2025

89

Savol:

Uylanmoqchi boʼlgan qizim mahr sifatida qoria boʼlish uchun oʼqitishimni va bu boradagi oʼquv markazi biz yashadigan joyda yoʼq rossiyada bir dugonasi mashhur joyda oʼqiyotganini aytadi. Men bu mahr sifatida oʼtmasligini, bir oʼzini yubormasligimni va mahr bu aniq narsa yoki mablagʼ boʼlishi kerakligini aytdim. U esa ilm borsida boʼlsa agar mumkinligini buga buxoriyni 5149- chi xadisini misol qildi.. Shu haqida tushuntirib bersangiz Jazakallohu xoyron

Javob:

Bismillahir rohmanir rohim. Mahr masalasi jiddiy masala bo‘lganligi uchun bu masalada bitta hdis bilan hukm aytish xato hisoblanadi. Bu haqida Alouddin Kosoniy rohimahulloh shunday zikr qilganlar: إذا تزوّج حر امرأةً على تعليم القرآن أو على تعليم الحلال والحرام من الأحكام أو على الحجّ والعمرة من الطّاعات لا تصح التّسمية ، لأنّ المسمّى ليس بمال فلا يصير شيء من ذلك مهراً . “Agar ozod er bir ayolga Qur’onni ta’lim berish, yoki halol va haromni hukmlarini o‘rgatish, yoki haj va umra kabi toat ibodatlarni qildirishga kelishib, uylangan bo‘lsa, ushbu kelishuv durust bo‘lmaydi. Chunki zikr qilingan narsalar mol-tovar emas. Shuning uchun ularning birortasi mahr bo‘la olmaydi” (“Badoye’” kitobi). Agar nikohda shunday kelishuv qilingan bo‘lsa, u holda mahri misl ya’ni, nikoh bitimi tuzilgan paytda, kelinga ota tomonidan har jihatdan (yoshi, husni va hokazo) teng bo‘lgan ayol qarindoshlari qancha mahr olgan bo‘lsa, o‘shani beradi. لو تزوّج امرأةً على أن يعلّمها القرآن كان لها مهر مثلها “Agar bir ayolga Qur’onni ta’lim berish sharti bilan uylansa, unga mahr misl beriladi” (“Fatovoi olamgiriyya” kitobi). Qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nikoh to‘yi qilishni, kambag‘al bo‘lsa ham mahrga biron narsa berishni o‘z kuyovlari Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga topshirganlar. «Ertasiga Ali ibn Abu Tolib kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqinroq joyga turdi va u zot eshitadigan qilib: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlariga sovchilik qilmoqchi bo‘lgan edim. O‘zimning biror narsam ham yo‘q edi. Ammo yaqinlik va mehrlaridan umidvor bo‘lib so‘ragan edim», – dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam darhol buni mulohaza qildilar va u kishiga og‘ir botmaydigan qilib: «(Mahrga) biror narsang bormi?» – dedilar. «Yo‘q, yo Rasululloh», – deb javob berdilar Ali roziyallohu anhu. «Hutamiyya sovutingiz qani?» – dedilar. «O‘zimda, yo Rasululloh», – dedilar. «Bo‘lmasa o‘shani ber», – dedilar. Ali ibn Abu Tolib sovutni olib keldilar. To‘y kechasi bo‘lganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuyov bo‘lmish Ali ibn Abu Tolibga: «Ey Ali, kelinga bir to‘y ham qilmoq kerak», – dedilar. Shunda Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu: «Menda bir qo‘chqor bor!» – dedilar. Ansoriylardan bir guruhi bir necha so’ jo‘xori jamlab kelishdi. Ana o‘sha narsalardan to‘y ziyofati uyushtirildi...». Agar ilm berish mahrga kifoya bo‘lganida Payg‘ambarimiz o‘z kuyovlariga «(Mahrga) biror narsang bormi?» demas edilar. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar