MAHR HAQIDA MA'LUMOT BERSANGIZ

ID: 7155

09.02.2026

690

Savol:

1. Mahr nima uchun beriladi? 2. Mahr nikox vaqtida berilmagan bulsa, qancha vaqtda berilishi kerak? 3. Mahr aniq qancha beriladi.?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

  1. Mahr — ayol kishiga eri tomonidan berilishi lozim bo'lgan, pul mablag'i yoki shu qiymatga ega bo'lgan biror narsadir. Alloh taolo «Niso» surasida: «Ayollarga mahrlarini ko'ngildan chiqarib bering. Agar ular undan biror narsani chin ko'ngildan tutsalar, bas, uni englar. Osh bo'lsin, ofiyat bo'lsin», degan (4-oyat). Ushbu oyati karima mahr berish erga vojib ekanini anglatuvchi to'rtta oyati karimadan biridir. Aqdi nikoh bo'lishi bilan, mahr berish vojib bo'ladi, agar qovushmay turib ajrashadigan bo'lsalar ham. Ushbu oyatda er o'ziga xotinlikka rozi bo'lgan ayolga mahrni og'rinib emas, chin ko'ngildan chiqarib berishi lozimligi uqtirilmoqda. Shu bilan birga, mahr kelinning mulkiga aylanishiga ham ishora qilinmoqda.
  2. Mahr gohida naqd berilsa, ba'zan nasiya qilinadi. Nasiya qilinganda uni vaqtini aniq belgilab qo'yilgan bo'lmasa mahrning oxirgi berish muddati taloq yoki o'lim bo'ladi. Kim xotinini unga yaqinlik qilmasdan taloq qilsa aytilgan mahrning yarmini to'laydi. Savolda so'ralgan masalaga kelsak, fiqhiy qoidalarga ko'ra agar mahr (er yoki xotin tomonidan belgilanib) aytilgan bo'lib, u mahrning eng kami (ya'ni zakot nisobining yigirmadan bir qismi)dan arzon bo'lsa kelinga yosh, nasab, oilaviy sharoit va kasb-hunar jihatidan barobar bo'lgan ayollarga belgilangan mahrni berish vojib bo'ladi.
  3. Mahrning eng kam miqdori 10 dirham (ya'ni zakot nisobining yigirmadan bir qismi)ga tengdir. Ko'pini esa shariat aniq belgilab bermagan, balki uni nikohlanuvchilarning o'zlariga qoldirgan. Agar nikoh paytida umuman mahr belgilanmagan bo'lsa, er mahri misl beradi. Ya'ni, nikoh bitimi tuzilgan paytda, kelinga ota tomonidan har jihatdan (yoshi, husni va hokazo) teng bo'lgan ayol qarindoshlari qancha mahr olgan bo'lsa, o'shani beradi. Bu haqda “Al-Bahrur roiq” kitobida shunday deyiladi:

( وَإِنْ لَمْ يُسَمِّهِ أَوْ نَفَاهُ فَلَهَا مَهْرُ مِثْلِهَا ) أَيْ وَإِنْ لَمْ يُسَمِّ الْمَهْرَ فِي الْعَقْدِ أَوْ نَفَاهُ فَلَهَا مَهْرُ مِثْلِهَا إنْ وَطِئَ أَوْ مَاتَ عَنْهَا ، وَكَذَا إذَا مَاتَتْ هِي

ya'ni: “(Er mahrni miqdorini aytmasa yoki mahr yo'q, desa, ayolga o'ziga o'xshashlarning mahri beriladi) ya'ni, nikoh paytida er mahrning miqdorini aytmasa, yoki mahrni yo'qqa chiqarsa ham, ayolga mahri misl beriladi. Mahri mislga haqli bo'lish jinsiy aloqa (yoki jinsiy aloqaga imkon bo'lishi), yo erning vafot etishi yoki ayol vafot etishi bilan bo'ladi”. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar