Assalomu alaykum. Bizga nikoh o'qilyotganda domla mendan mahrni qancha xohlaysan deb so'ramagan. Turmush o'rtog'imga 3gramm tilla pulini bersang bo'ladi, 2yarim million ber kelinga degan. Men bu mahrga rozi emasman. O'sha paytda hayo yuzasidan e'tiroz bildira olmaganman. Turmush o'rtog'im 2yarim million beraman deb turib olgan. Domlaning bu hukmi to'g'rimi. Endi men erim beradigan mahrga rozi bo'lishim kerakmi yoki erim men xohlagan mahrni beradimi?
Va alaykum assalom. Mahr berish farz amal hisoblanadi. Hatto shundayki, kelin-kuyov o‘zaro kelishib, ikkimiz ham rozimiz, bu hukmga amal qilmay qo‘yaveramiz, deyishga ham imkonlari yo‘q. Agar bilimsizlik oqibatida yoki boshqa sabablarga ko‘ra mahr belgilanmay, nikohlanib ketgan bo‘lsalar ham, keyin baribir mahr berilishi kerak. Hattoki, er mahrni berishdan oldin vafot etib qolsa ham, merosxo‘rlari mahrni ado etishlari lozim bo‘ladi. Shariatimizda mahrning eng kami 10 dirham ya’ni zakot nisobi (85 gr tillo)ning yigirmadan biriga teng deb belgilangan. Agar nikoh paytida umuman mahr belgilanmagan bo‘lsa, er mahri misl beradi. Ya’ni, nikoh bitimi tuzilgan paytda, kelinga ota tomonidan har jihatdan (yoshi, husni va hokazo) teng bo‘lgan ayol qarindoshlari qancha mahr olgan bo‘lsa, o‘shani beradi. Bu haqda “Al-Bahrur roiq” kitobida shunday deyiladi:
( وَإِنْ لَمْ يُسَمِّهِ أَوْ نَفَاهُ فَلَهَا مَهْرُ مِثْلِهَا ) أَيْ وَإِنْ لَمْ يُسَمِّ الْمَهْرَ فِي الْعَقْدِ أَوْ نَفَاهُ فَلَهَا مَهْرُ مِثْلِهَا إنْ وَطِئَ أَوْ مَاتَ عَنْهَا ، وَكَذَا إذَا مَاتَتْ هِي
ya’ni: “(Er mahrni miqdorini aytmasa yoki mahr yo‘q, desa, ayolga o‘ziga o‘xshashlarning mahri beriladi) ya’ni, nikoh paytida er mahrning miqdorini aytmasa, yoki mahrni yo‘qqa chiqarsa ham, ayolga mahri misl beriladi. Mahri mislga haqli bo‘lish jinsiy aloqa (yoki jinsiy aloqaga imkon bo‘lishi), yo erning vafot etishi yoki ayol vafot etishi bilan bo‘ladi”. Demak, Sizga ham mahrning eng kami 85 gramm tilloning yigirmadan biri ya’ni 4,25 gram tillo yoki uni qiymatini berilishi kerak. Vallohu a’lam.