MAHIR

ID: 3855

02.11.2025

77

Savol:

Mening savolim mahr masalasida edi. Nikoh vaqtida xo‘jayinim bitta talla uzuk bergan edilar. Qolganini keyinroq berishlarini aytgan edilar. Hozir shu qolgan qismiga falon narsa olib beraqoling desam, u kishi men xohlagan narsamni olib beraman, sen xohlashga haqli emassan deyapdilar. Shunday deyishlari to‘g‘rimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. «Mahr» nikoh aqdi tuzilganidan keyin erning zimmasiga vojib bo‘ladigan narsaning nomidir. Alloh taolo «Niso» surasida quyidagicha marhamat qiladi:

وَآتُواْ النَّسَاء صَدُقَاتِهِنَّ نِحْلَة

"Ayollarga mahrlarini ko‘ngildan chiqarib bering" (4-oyat).

Nikoh aqdi amalga oshishi bilan mahr berish erga vojib bo‘ladi. Berilganda ham, kuyov tomonidan chin qalbdan chiqarib berilishi talab etiladi va mahr kelinning shaxsiy mulki bo‘ladi.

Mahr berish farz amal hisoblanadi. Hatto shundayki, kelin-kuyov o‘zaro kelishib, ikkimiz ham rozimiz, bu hukmga amal qilmay qo‘yaveramiz, deyishga ham imkonlari yo‘q. Agar bilimsizlik oqibatida yoki boshqa sabablarga ko‘ra mahr belgilanmay, nikohlanib ketgan bo‘lsalar ham, keyin baribir mahr berilishi kerak. Hattoki, er mahrni berishdan oldin vafot etib qolsa ham, merosxo‘rlari mahrni ado etishlari lozim bo‘ladi.

Mahrning ozi o‘n dirhamdir. Bu – nisobga yetgan molning yigirmadan biri deganidir. Ushbu ma’lumotga suyanib, har bir davrdagi mahrning eng oz miqdorini belgilash oson bo‘ladi. Buning uchun o‘sha davrning zakot nisobi, mazkur miqdorning yigirmadan biri aniqlansa, eng oz mahr miqdori chiqadi.

عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا مَهْرَ أَقَلَّ مِنْ عَشْرَةِ دَرَاهِمَ. رَوَاهُ الدَّارَقُطْنِيُّ وَالْبَيْهَقِيُّ

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "O‘n dirhamdan oz mahr yo‘q", – dedilar" (Imom Doraqutniy va Imom Bayhaqiy rivoyat qilganlar). Mahr berishda aynan er nimani xohlasa shuni beradi degan gap yo‘q. Ammo er bermoqchi bo‘lgan narsaga xotin rozi bo‘lsa yoki buni aksi ayol xohlagan narsaga er rozi bo‘lsa mahr ado bo‘laveradi. Shunday ekan, savolda so‘ralgan vaziyatda ham o‘zaro rozilik bilan ish tutilsa to‘g‘ri bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar