Bir hadisda Mudinai munavvaraga o‘lat va dajjol kirmasligi aytilgan ekan. Hozirda koronavirus Saudiya arabistonidagi shaharlarda, shu jumladan Madinai munavvarda ham kuzatilmoqda. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytgan hadislari rost va haq ekaniga shubha yo‘q. Lekin uni qanday tushunishimiz kerakligini batafsil izohlab bersangiz.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Imom Molik Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
لا يدخل المدينة الطاعون ولا الدجال
ya’ni: “Madinaga o‘lat va Dajjol kirmaydi”.
Ushbu hadisi sharif sahih hadis bo‘lib, uni Imom Buxoriy (1880-hadis) va Imom Muslim (1379-hadis) o‘z sahihlarida rivoyat qilishgan. Anas ibn Molik va Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhumolarning rivoyatida Nabiy sallallohu alayhi vasallam:
لا يدخل المدينة الدجال ولا الطاعون إن شاء الله
ya’ni: “Madinaga Dajjol va o‘lat kirmaydi, inshaalloh” – deb, Dajjolning kirmasligida jazm qilgan bo‘lsalar, o‘latning kirmasligida jazm qilmay Alloh taoloning xohishiga bog‘laganlar.
Hofiz ibn Hajar Asqaloniy (rahimahulloh) ushbu hadis sharhida vabo va o‘lat kasalliklari bir-biridan farq qilishini, avvalgi ulamolardan Ibn Qutayba ham “Ma’orif”da xuddi shu gapni qat’iy aytganini va ko‘pchilik shu fikrni qo‘llab quvvatlab, “O‘lat Madinaga aslo kirmaydi”, deganlarini aytib o‘tganlar (“Fathul Boriy” 10-jild, 181-191 betlar).
Shuningdek, ba’zi ulamolarga ko‘ra Madinai munavvaraga o‘lat kasalligi kirishi ham mumkin. Bunga ushbu ulamolar Anas raziyallohu anhuning rivoyatidagi Rasul alayhissalomning “inshaalloh” deganlarini dalil qiladilar.
Alloma Kashmiriy rahimahulloh “Fayzul Boriy” kitobida: “Madinaga Dajjolning kirolmasligi aniq. Ammo, o‘lat shu paytgacha kirmadi va bundan keyin ham kirmasligi umid qilinadi. “Inshaalloh” qaydi esa, o‘latga tegishli”, deganlar.
Imom Qurtubiy rahimahulloh “Al Mufhim lima ashkala min talxiysi kitabi Muslim” kitobida: “O‘lat – ommaviy o‘lim kasalligi bo‘lib, bu boshqa diyorlarda masalan Amvos va Jorifda sodir bo‘lganidek Madinada bo‘lgani yo‘q. Alloh o‘z Rasulini rostgo‘yligini izhor qildi. Shu paytgacha biror kishidan Madinada ommaviy o‘lat bo‘lganligi naql qilinmagan. Bu Payg‘ambarimizning: “Ey, Alloh! Madinani bizlarga suyukli qilgin”, degan duolari barakasidandir”, deganlar.
Alloma Ibn Hajar Haytamiy rahimahulloh Imom Navaviydan naql qilib aytadilar: “O‘lat bu ma’lum kasallik bo‘lib, uning belgilari toshma toshish, shish paydo bo‘lish va kuchli og‘riq bo‘ladi. Tabiblarning xulosasiga ko‘ra: “O‘lat – inson tanasining yumshoq joylari xususan, quloqning orqasi, qo‘ltiq kabi badanning ko‘rinmaydigan joylarida shishlar paydo qiladigan, o‘limga olib boruvchi kasallikdir. Bunday holat vabo tarqalgan paytda ham ko‘p uchraydi. Shu e’tibordan o‘lat so‘zini vaboga yoki vabo so‘zini o‘latga nisbatan qo‘llaniladi. Ammo vabo – havoning buzilishidan paydo bo‘luvchi kasallikdir”.
Shundan kelib chiqib, hozirgi vaqtda dunyoning juda ko‘p joylarida shu jumladan Madinai munavvarada ham tarqalgan Koronavirus Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning hadislariga zid bo‘lmaydi.
Xulosa o‘rnida quyidagilarni aytib o‘tish mumkin: Birinchidan: Dajjolning Madinai munavvaraga kirolmasligi qat’iy va aniq. Ammo, o‘lat kasalligining kirishi borasida ulamolar orasida ixtilof mavjuddir. Ba’zi ulamolar Alloh iroda qilsa Madinaga o‘lat kirishi mumkin” deganlar. Chunki hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom Dajjolning kirmasligini qat’iy aytganliridek, o‘latning kirmasligini qat’iy aytmaganlar. Ikkinchidan: O‘lat va vabo kasalligining orasida farq bor.
O‘lat – ma’lum sifatlarga ega bo‘lib, terida uning belgilari ko‘rinadi hamda o‘latga chalingan insonning hayoti o‘lim bilan yakunlanadi.
Vabo – kasalliklarning ommaviy tarqalishi bo‘lib, goho insonni halok qiladi, gohida esa yo‘q. Koronovirus ham juda tez tarqaluvchan bo‘lsa ham, odamlarning undan tuzalishi ko‘p kuzatilmoqda. Shunga ko‘ra o‘lat Madinaga kirmaydi, vabo esa boshqa yerlarga kirganidek Madinaga ham kirishi mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.