Assalomu alaykum, ayollar sochiga oq tushganidan keyin sochlarini ochartirib yoki boshqa ranglarga bo'yashlari mumkinmi? Shunday holatlarda taxorat qilinsa, taxorat qabul bo'ladimi?
Va alaykum assalom. Dinimizda soch va soqolni, xususan, oqargan tuklarni bo‘yash joiz, balki mustahab amaldir. Chunki dinimiz musulmonni ichki go‘zallikka targ‘ib qilish bilan birga tashqi suratini ham go‘zal qilishga chaqirgan. Lekin buning bir necha muhim shartlari bor. Eng asosiy sharti ishlatiladigan bo‘yoq soch yoki soqol tolasi ustida qatlam hosil qilib, tagiga suv o‘tishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Chunki bu holda tahorat va g‘usl durust bo‘lmaydi. Natijada o‘qilgan namoz va boshqa tahorat shart bo‘lgan ibodatlar qabul bo‘lmaydi. Shuning uchun bo‘yashda suv o‘tkazadigan vositalardan foydalanish kerak. Bundan tashqari soch va soqolni bo‘yashda rang tanlashga ham alohida e’tibor beriladi. Hanafiy mazhabi va boshqa ko‘pchilik ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, soch-soqolni tim qora rangga bo‘yash makruh hisoblanadi. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Makka fathi kuni Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning otalari Abu Quhofani olib kelishdi. U zotning soch-soqollari "sag‘oma" (oq gulli va oq mevali o‘simlik) kabi oppoq edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Buni (oqlikni) o‘zgartiringlar va qora rangdan saqlaninglar”, dedilar. (Imom Muslim rivoyati). Boshqa bir hadisda esa Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Oxir zamonda soch-soqolini kabutarning to‘shiga o‘xshatib qoraga bo‘yaydigan qavmlar bo‘lur. Ular jannatning hidini ham hidlamaslar”. (Imom Abu Dovud va Nasoiy rivoyatlari). Ana shu hadislardan kelib chiqib ulamolarimiz oq sochni bo‘yashda qoraga yaqin to‘q jigarrang, qo‘ng‘ir yoki boshqa ranglardan foydalanishga ruxsat berishgan. Vallohu a’lam.