NAMOZ VAQTI

ID: 2415

06.09.2025

230

Savol:

Assalamu alaykum. Shom namozi vaqti kirishiga 3-4 daqiqa qolganda asr namozini o’qisa bo’ladimi? Namoz qazo bo’lmaydimi?

Javob:

Hanafiy mazhabiga ko‘ra, shom namozi vaqti kirishiga 3-4 daqiqa qolgan bo‘lsada asr namozini o‘qish joiz, lekin uni bu vaqtgacha kechiktirish makruh sanaladi. Agar namozxon quyosh botishidan oldin asr namozining kamida bir rak’atini ado etishga ulgursa, uning namozi qazo bo‘lmaydi va u asr namozini o‘z vaqtida o‘qigan hisoblanadi. Bu hukm Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan mashhur hadisga asoslanadi. Unda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim quyosh chiqishidan oldin bomdoddan bir rakatni topsa, batahqiq, bomdodni topibdur. Kim quyosh botishidan oldin asrdan bir rakat topsa, batahqiq, asrni topibdir", deganlar (Beshovlari rivoyat qilgan). Bu qoida asr namozining farziga tegishli bo‘lib, namozxon qolgan rak’atlarni quyosh botayotgan yoki botib bo‘lgan vaqtda davom ettiradi va uning namozi durust hisoblanadi.

Shu bilan birga, asr namozini quyosh sarg‘ayib, ko‘zni qamashtirmaydigan, ufqqa yaqinlashgan vaqtgacha kechiktirishni makruhi tahrimiy, ya’ni haromga yaqin makruh amal hisoblanadi. Demak, garchi namoz qazo bo‘lmasa-da, uni qasddan shu vaqtgacha qoldirish gunohdir. Ammo biror bir uzr sababli, masalan, uxlab qolib yoki unutib, kechikib qolgan kishi uchun bu vaqtda o‘qish joiz va uning namozi to‘liq ado etilgan hisoblanadi. Bomdod namozida esa bu hukm tatbiq etilmaydi, ya’ni namoz asnosida quyosh chiqib qolsa, hanafiy mazhabiga ko‘ra, namoz botil bo‘ladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar