Assalomu alaykum. Biz biror amalni Robbimizning yordamisiz qila olamizmi? Shu masalani kengroq tushuntirib bersangiz. Kundan kunga men bilmagan masalalar chiqyapdi, ulgurmasdan xato e'tiqod bilan vafot etib ketsam nima bo'ladi? Iymonning 7 farzini bajardim.
Banda biror bir amalni Alloh taoloning irodasi, ilmi va yaratishisiz amalga oshira olmaydi. Koinotdagi har bir katta va kichik hodisa, jumladan insonning ixtiyoriy amallari ham, Uning irodasi bilan vujudga keladi. Bu e’tiqodimizning asosidir. Shu bilan birga, Ahli sunna val jamoa aqidasiga ko‘ra, Alloh taolo insonga tanlov ixtiyorini bergan. Banda o‘z ixtiyori bilan bir ishni qasd qiladi va unga intiladi. Alloh esa o‘sha amalni yaratadi. Bandaning mana shu qasdi va harakati shariat istilohida "kasb" deyiladi va inson aynan shu "kasbi" uchun javobgar bo‘ladi – amaliga yarasha yo savob oladi, yoki gunohga botadi. Boshqacha qilib aytganda, biz amalni bajarishga mustaqil qodir emasmiz, lekin uni tanlash va unga intilishda mas’ulmiz.
Agar diniy masalada, ayniqsa aqida bobida qalbga shubha oralasa, uni e’tiborsiz qoldirish aslo mumkin emas. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh ta’kidlaganlaridek, bunday holatda mo‘min kishi darhol ikki ishni qilishi vojib bo‘ladi: birinchidan, "Alloh taoloning nazdida to‘g‘ri bo‘lgan e’tiqodga iymon keltirdim" deb, o‘z iymonini umumiy tarzda tasdiqlab oladi. Ikkinchidan, o‘sha shubhali masalaning yechimini topish uchun zudlik bilan ilm ahliga, ulamolarga murojaat qiladi. Bu ishni kechiktirish va shubhada qolish katta xatardir.