"JAVOBINGNI BERDIM" DESA BOIN TALOQ TUSHADIMI?

ID: 4430

22.11.2025

2311

Savol:

Assalomu alaykum. Savol berishdan oldin Telegram kanaldan shu masalada o'qidim, lekin unchalik ham tushuna olmadim. Ikki hafta oldin xo'jayinim: "Javobingni berdim", deb SMS yozdilar. Taloq so'zini ishlatmadilar, lekin niyatlari shu bo'lgan edi. Shunda bu boin taloq bo'ladimi? Biz bu holatda yangidan nikoh o'qitishimiz kerakmi yoki "qaytarib oldim" deyishlik bilan birga yashasak bo'laveradimi? Xo'jayinim hozir chet eldalar, qanday yo'l tutaylik? Javob uchun rahmat.

Javob:

Vaalaykum assalom. Bu holatda boin taloq tushgan bo'lib, er-xotinlikni davom ettirish uchun albatta yangi mahr va guvohlar ishtirokida qayta nikoh o'qitish shart.

Masalaning tafsiloti quyidagicha:

Taloq ikki xil bo'ladi: raj'iy va boin.

Raj'iy taloq - ochiq-oydin taloq so'zini aytish orqali tushgan taloqdir. Bu taloq tushganda idda tugamasidan avval er xotinning roziligisiz qayta nikoh o'qitmasdan yarashib olishi (nikohiga qaytarishi) mumkin. Idda tugasa, raj'iy taloq ham boin taloqqa aylanadi va faqat to'g'ri nikoh (guvohlar va mahr) bilan qaytarib olish joiz bo'ladi.

Boin taloq esa taloq qilishni qasd qilib, javobingni berdim, ota-onangnikiga ket, sen bilan yashamayman va boshing ochiq kabi so'zlar va boshqa taloqqa ochiq-oydin dalolat qilmaydigan gaplar aytilganda tushadi. Bunday taloq boin taloq bo'lib, faqat yangi nikoh (guvohlar va mahr) bilan xotinini qaytib olishi mumkin. Taloqdan keyin qayta nikohlab olish taloqlar soni uchtaga etmagan bo'lsa, joiz. Lekin taloqlar soni bittadan uchtaga etsa yoki bitta lafzda uch taloq aytsa, xotinini nikoh bilan ham qaytarib ola olmaydi. Chunki taloqlar soni uchtada nihoyasiga etadi.

Bu o'rinda savolga ko'ra javob bo'ldi, lekin har bir taloq masalasi jonli majlisda er-xotin ishtirokida ko'rib chiqiladi. Shuning uchun taloq masalasida savoli bo'lgan oilalar rasmiy imom domlalar huzuriga borib, holatni bayon qilib savollariga javob olishlari kerak. Aks holda ko'p tushunmovchiliklar kelib chiqadi. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar