Yosh bolalar namozni necha yoshdan o‘qishi kerak?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Yosh bolalar hali balog‘atga yetmagan bo‘lsa, ularga namoz o‘qish farz bo‘lmaydi. Lekin ota-onalar farzandlarini ular balog‘at yoshiga yetib kelguncha namoz o‘qishga o‘rgatishlari lozim bo‘ladi. Rasuli akram alayhissalom farzandlarni namozga o‘rgatish borasida shunday marhamat qilganlar:
مُرُوا أَوْلاَدَكُمْ بِالصَّلاَةِ وَهُمْ أَبْنَاءُ سَبْعِ سِنِينَ وَاضْرِبُوهُمْ عَلَيْهَا وَهُمْ أَبْنَاءُ عَشْرِ سِنِينَ وَفَرِّقُوا بَيْنَهُمْ فِى الْمَضَاجِعِ
"Bolalaringizni ular yetti yosh bo‘lsalar, namozga buyuringlar. Ular o‘n yosh bo‘lsalar, namoz o‘qimasa, uringlar" (Imom Abu Dovud, Imom Bayhaqiy, Imom Ahmad rivoyat qilishgan).
Ulamolarimiz ushbu hadis sharhida: “Payg‘ambarimiz alayhissalom ushbu hadislaridan boshqa birorta hadisda yosh bolani urishga buyurmaganlar. Faqatgina o‘n yoshga kirib, namoz o‘qishga erinchoqlik qilgan bolani urishga buyurganlar. Bundan namozning bola tarbiyasida qanchalik ahamiyatli ekanini tushunish mumkin”, - deydilar.
Sahobalardan Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu: "Bolalarga bir sajda qilsalar ham namoz o‘qitinglar!" degan bo‘lsalar, sahobalardan Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu va tobe’inlardan Ibn Sirin rahimahulloh: "Bola o‘ng qo‘li bilan chap qo‘lini ajrata olganida, namozga o‘rgatiladi" deganlar. Mashhur sahoba Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu esa: "Bolalaringizning namoz o‘qishlarini nazorat qiling!" deganlar.
Demak, farzandlar aqlini tanigandan boshlab, ularni malollantirmasdan, samimiyat bilan namozga muhabbatli qilib, namoz o‘qishga odatlantirish kerak ekan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.