Adashgan, bevaqt ona bo‘lgan qizlar haqida ularning shaxsini oshkor qiluvchi axborotlar turli manbalarda turlicha tarqatilmoqda. Bu kabi maxfiy tutilishi lozim bo‘lgan axborotni tarqatuvchilar haqida qonuniy javobgarlik bor. Ayb ish sodir etgan kishilar haqida axborotlarni oshkor qilishga dinimizda qanday munosabat bildiriladi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Qizlarimizning nikohsiz farzand ko‘rishi ming yillardan beri Islom diniga amal qilib, dunyo xalqlariga hayo, axloq-odob masalasida o‘rnak bo‘lib kelgan musulmon xalqimiz uchun juda xijolatli holatdir. Oiladagi tarbiyada faqat moddiy tomonga emas, balki ma’naviy tarbiya: din-diyonat, odob-axloq, hayo-ibo masalalariga ham e’tibor qaratish juda muhim. Shundagina yuqoridagi kabi hijolati ishlardan xalos bo‘lishning iloji bo‘ladi.
Dinimizda yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish muhim asoslardan biri hisoblanadi. Jamiyatda bo‘layotgan yomon ishlarga hech kim befarq bo‘lmasligi kerak. Biror kishini gunoh yoki jinoyat qilayotgan holda ko‘rilsa, uni bu yo‘ldan qaytarish zarur bo‘ladi. Bu haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
من رأى منكم منكرا فليغيره بيده فإن لم يستطع فبلسانه فإن لم يستطع فبقلبه وذلك أضعف الإيمان (رواه مسلم عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه)
ya’ni: “Sizdan kim bir munkar ishni ko‘rsa, qo‘li bilan qaytarsin, agar qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin, agar qodir bo‘lmasa, dili bilan qaytarsin, ana o‘sha eng zaif iymondir” (Imom Muslim rivoyatlari).
Lekin aybdorni yomonlikdan qaytarmoqchi bo‘lgan inson bu ishni uni izza qilmasdan, obro‘sini to‘kmasdan bajarishi kerak. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hech qachon bir kishiga jamoat oldida tanbeh bermasdilar. Balki u zotga xush kelmaydigan ish bo‘lsa, jamoatga umumiy qilib: “Odamlarga nima bo‘ldiki, falon-falon ishni qilmoqdalar!” – deb tanbeh berardilar yoki birodaringizga ayting bu ishni qilmasin, deb ogohlantirardilar.
Islomdagi umumiy qoida, bo‘lib o‘tgan ishlarda iloji boricha mo‘min-musulmonlarning aybini berkitishga harakat qilinadi. Chunki banda xatokor, hech kim ayb ish qilishdan xoli emas. Buning ustiga ayb ish qilgan kishi tavba qilib, Alloh taoloning nazdida gunohidan poklangan bo‘lsa, uni nohaq ayblash bo‘ladi. Bu haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
ومن ستر مسلماً ستره الله يوم القيامة. (رواه البخاري عن عبد الله بن عمر رضي الله عنه)
ya’ni: "Kim mo‘minning aybini yashirsa Alloh qiyomat kuni uning aybini yashiradi". (Imom Buxoriy rivoyatlari). Boshqa bir hadisi sharifda esa:
من ستر عورة أخيه المسلم ستر الله عورته يوم القيامة، ومن كشف عورة أخيه المسلم كشف الله عورته، حتى يفضحه بها في بيته (رواه ابن ماجه عن عبد الله بن عباس رضي الله عنه)
ya’ni: "Kim musulmon birodarining aybini yashirsa Alloh uning aybini qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa Alloh uning aybini oshkor qiladi, hatto uni o‘z uyida ham sharmanda qiladi" – deyiladi. (Imom Ibn Moja rivoyatlari)
Buning ustiga dinimizda o‘zgani zinoda ayblash masalasi o‘ta nozik. Shar’an, to‘rtta guvohlikka yaraydigan kishi ko‘zi bilan zino bo‘lib turganini ko‘rmaguncha, shar’iy jazo belgilanmaydi. Biror shaxsga zinokorsan degan odam so‘zini isbotlay (ya’ni, yuqoridagi kabi to‘rtta guvoh keltira) olmasa, uning o‘ziga jazo tayinlanadi. Musulmon kishining har bir aytgan so‘zi e’tiborli va mas’uliyatlidir. Shuning uchun nohaq so‘z va ayblov uchun dunyoda ham, oxiratda ham javobgarlik bor.
Har narsada ham chegara bo‘lgani kabi, kishi o‘zgalarga ozor, buzg‘unchilik, oshkora fosiqlik bilan tanilgan bo‘lsa, uning holini odamlarga ochib, ularga ma’lum qilish lozim bo‘ladi. Chunki odamlar uning yomonligidan ehtiyot bo‘lishlari yanayam foydali ishdir.
Bu mavzuga tegishli yana bir masala, hech kimga musulmonlarning aybini poylab yurish, josuslik qilish mumkin emas. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda: “Josuslik qilmang" – deb ochiqchasiga bu ishdan qaytaradi (Hujurot surasi, 12-oyat). Demak o‘zgalarning ayblarini axtarib, josuslik qilib yurish dinimizda katta gunoh sanaladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.