Musofirda yurgan kishi ro‘za tutmasa bir kun tutmagani uchun bir kun turib beradimi? 2) Agar musofirlikda yursayu ro‘zani tutsa iftorgacha ro‘zasini buzib qo‘ysachi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Dinimizda haqiqiy ma’nodagi musofir kishilarga safarda yurgan paytlarida ularga ro‘za tutmaslikka ruxsat berilgan. Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
أَيَّامًا مَعْدُودَاتٍ فَمَنْ كَانَ مِنْكُمْ مَرِيضًا أَوْ عَلَى سَفَرٍ فَعِدَّةٌ مِنْ أَيَّامٍ أُخَرَ وَعَلَى الَّذِينَ يُطِيقُونَهُ فِدْيَةٌ طَعَامُ مِسْكِينٍ .... (184)
“Sanoqli kunlar. Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir...” (Baqara surasi, 184-oyat).
Safardagi kishiga ro‘zasi zarar qilmasa, ro‘za tutgani afzal. Lekin ro‘za tutmasa ham uzrli hisoblanadi, gunohkor bo‘lmaydi. Ramazondan keyin imkon bo‘lishi bilan qolib ketgan kunlarning ro‘zasini bir kuniga bir kun qazosini tutib beradi.
Bu haqida mazhabimizdagi mashhur fatvo kitoblaridan biri “Fatavoi hindiya” kitobida shunday deyilgan.
فَالْأَصْلُ عِنْدَنَا أَنَّهُ إذَا صَارَ فِي آخِرِ النَّهَارِ عَلَى صِفَةٍ لَوْ كَانَ عَلَيْهَا فِي أَوَّلِ الْيَوْمِ يُبَاحُ لَهُ الْفِطْرُ تَسْقُطُ عَنْهُ الْكَفَّارَةُ كَذَا فِي فَتَاوَى قَاضِي خَانْ
"Bu borada bizning nazdimizdagi asl qoida shuki, (ro‘zador) kishi kunning oxirga qismida ro‘za tutmaslikni muboh qiladigan holatda bo‘lsa, undan kafforat soqit bo‘ladi". Ya’ni, ro‘zador kishi kunning oxirgi qismida ro‘za tutmaslikni muboh qiladigan musofirlik yoki bemorlik holatida bo‘lsa va shu holatda ro‘zasini ochib yuborsa, unga kafforat vojib bo‘lmaydi.
Shunday ekan musofir kishi ro‘za tutib so‘ng biror uzr bilan yoki uzrsiz ro‘zasini ochib yuborsa, qazosi vojib bo‘ladi, kafforat vojib bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.