Men Farg‘onadan Toshkent shahriga 15 kundan ortiq turishni niyat qilib boryapman. Shu 15 kun ichida Toshkent viloyatiga sayoxatga chiqsam, namozlarni qay tartibda ado qilaman? Javob uchun avvaldan rahmat.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Siz aytgan holatni atroflicha bayon qilamiz:
A – Toshkentga kelishdan avval sayohatga chiqishingiz aniq bo‘lsa va sayohatga chiqquningizgacha Toshkentda 15 kundan ko‘proq turish qasdingiz bo‘lsa, namozlarni Toshkentda to‘liq o‘qiysiz. Ammo sayohatga chiqquningizgacha Toshkentda 15 kundan kam turishni qasd qilsangiz, sayohatga chiqquncha Toshkentda qasr o‘qiysiz.
B – Sayohatga chiqadigan joyingiz Toshkent shahridan 90 km uzoqlikda bo‘lsa va u yerda 15 kundan kam turadigan bo‘lsangiz, u yerga borganda namozni qasr qilib o‘qiysiz. 15 kundan ko‘p tursangiz namozni to‘liq o‘qiysiz. Sayohatdan Toshkentga qaytganingizdan so‘ng 15 kun yoki undan ko‘p turadigan bo‘lsangiz, Toshkentda to‘liq o‘qiysiz. 15 kundan kam turadigan bo‘lsangiz qasr o‘qiysiz. Chunki safar masofasi bo‘lgan joyga 15 kundan kam muddatga borgan odam musofir sanaladi va farz namozlarini qasr qilib o‘qiydi.
ولا يزال على حكم السفر حتى ينوي الإقامة في بلدة أو قرية خمسة عشر يوما أو أكثر وإن نوى أقل من ذلك قصر
“Kishi biror shahar yoki qishloqda o‘n besh yoki undan ko‘p kun turishni niyat qilmagunicha (shu shahar yoki qishloqda) musofir bo‘lib turaveradi. Agar undan kam muddatni niyat qilsa, namozlarini qasr qilib o‘qiydi”. (“Hidoya” kitobi).
V – Sayohatga chiqadigan joyingiz Toshkent shahridan 90 kmdan kam masofada bo‘lib, Toshkentda 15 kundan ko‘p turgan holatda, kunduzi sayohatga chiqib, tunda shaharga qaytib kelsangiz Toshkentda ham, sayohat qiladigan joyda ham namozlarni to‘liq o‘qiysiz.
G – Agar sayohatga chiqadigan joyingiz Toshkent shahridan 90 kmdan kam masofada bo‘lib Toshkentga kelishingizdan avval Toshkent shahrida 15 kunga yetmagan bir necha kun turib, so‘ng sayohatga boradigan joyda ham 15 kundan kam turadigan bo‘lsa, Toshkentda ham sayohatga chiqqan joyda ham qasr o‘qiysiz. U yerda 15 kundan ko‘proq tursa, Toshkentda qasr, u joyda to‘liq o‘qiydi.
إذا نوى المسافر الإقامة خمسة عشر يومًا في موضعين فإن كان مصرًا واحدًا أو قريةً واحدةً صار مقيمًا؛ لأنهما متحدان حكمًا وإن كانا مصرين نحو مكة ومنى أو الكوفة والحيرة أو قريتين، أو أحدهما مصر والآخر قرية لا يصير مقيما؛ لأنهما مكانان متباينان حقيقةً و حكمًا
“Agar musofir ikki joyda o‘n besh kun turishni niyat qilsa va mazkur ikki joy bitta shahar yoki bitta qishloq bo‘lsa, muqimga aylanadi. Chunki ikkita joy bitta joy hukmida bo‘ladi. Agar mazkur ikki joy Makka va Mino kabi boshqa-boshqa shahar bo‘lsa, muqimga aylanmaydi. Chunki bu holatda ikki makon haqiqatan ham, hukman ham boshqa-boshqa joy hisoblanadi”. (“Badoi’us sanoi’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.