Assalomu alaykum va Rahmatullohi va Barokatuh. Alloh ilmizni ziyoda qilsin. Menda bir savol bor edi. Hozirgi kunda Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda his-tuyg‘ularni ifodalash uchun emojilardan keng foydalanilmoqda. Ushbu emojilarning ko‘pchiligida insonning yuz-qiyofasi (kulish, xafa bo‘lish, hayron bo‘lish va hokazo) tasvirlangan bo‘ladi. Mening tushunchamga ko‘ra, Islomda tirik mavjudotning, ayniqsa insonning tasviriga nisbatan ehtiyotkorlik bor. Shu sababli savolim shuki: yuz-qiyofasi tasvirlangan emojilardan foydalanish joizmi yoki yo‘qmi? Agar bu masalada tafsilot bo‘lsa, qaysi holatlarda yoki qaysi turdagi emojilardan foydalanish mumkin? Shu borada tushuntirib bersangiz, juda foydali bo‘lardi. Oldindan rahmat. Vassalomu alaykum.
Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh. Jonzotlarning suratini chizish yoki haykalini yasash shariatimizda man qilingan. Bir qator hadisi shariflarda bu ishdan qaytarilgan. Ammo emojilar (smayliklar, kulib turgan yoki xafa bo'lgan юz kabi) hadislarda qaytarilgan suratga kirmaydi, chunki, avvalo ularning a'zolari aniq bilinmaydi, ular suratdan ko'ra ko'proq ramzlarga o'xshaydi. Undan tashqari ushbu emojilar nihoyatda kichik bo'ladi. Ba'zi ulamolar: “Agar rasm juda kichik bo'lib, qaragan odam faqat diqqat bilan qaragandagina uni anglay olsa, u makruh hisoblanmaydi”, deganlar. («Al-Fatavo al-Hindiya»). Ikkinchidan, ularda hayot uchun zarur bo'lgan a'zolar chizilmagan - ko'krak ham, qorin ham yo'q, hatto aslida bosh ham yo'q. Ular soch, burun yoki quloqsiz, faqat юzni ifoda etuvchi doiralardan iborat, xolos. Shunga ko'ra mazkur emojilardan foydalanish mumkin. Vallohu a'lam.