Assalomu alaykum, Ustozlar. Men namoz o'qiyotganimda avvallari nechta rakat o'qiyotganimga juda ko'p shubha tushib qolar edi. Endi oxirgi rakatga o'tirganimda shubha tushaverar edi. Bunga ustozlardan javobini olganimdan keyin, gumonim og'ir kelganini olishni, kelmasa kamini olib, eng oxirida sajdai sahv qilishni o'rganib olganimdan keyin, deyarli shubha tushmay qolgan edi. Endi navbat sajdaga kelib qolyapti. Endi ikkinchi sajdadan turganimdan keyin darhol shubha tushib qoladi. Avvallari xuddi rakatdagidek ish qilayotgan edim: gumonim og'ir kelganini olib, eng oxirida sajdai sahv qilayotgan edim. Lekin buning hujjatini hech qaerdan topa olmadim, ustozlardan ham aniq gapini topa olmadim. Shu holatda nima qilay? Gumonim og'irini olib, oxirida sajdai sahv qilsam bo'ladimi yoki namozimni qayta o'qiymi? Muammo shuki, namozimni qayta takror-takror o'qib qolganimda ham qayta-qayta shubha tushyapti. Javob uchun oldindan rahmat!
Vaalaykum assalom. Bu holat takror bo'layotgan bo'lsa, «g'olibi gumon»ga, ya'ni ko'ngil qaysi tarafga ko'proq moyil bo'lsa, o'shanga amal qilasiz. Agar bitta sajda qilganingiz gumoningizga g'olib kelsa, darhol ikkinchisini bajarib, namoz so'ngida sajdai sahv qilasiz. Agar ikki marta qilganingiz ustun kelsa, shunga binoan davom etaverasiz.
Sizdagi bu holat shaytonning vasvasasi bo'lgani uchun, gumoningizning kuchli tarafini olib namoz oxirida sajdai sahv qilishingiz kifoya, namozni aslo qayta o'qimang. Shubhaga parvo qilmaslik vasvasaning eng yaxshi davosidir. Vallohu a'lam.