MARHUMNING QAZO NAMOZ VA RO‘ZALARI UCHUN FIDYA BERSA BO‘LADIMI?

ID: 575

04.04.2025

260

Savol:

Vafot etgan kishini qazo qilgan namozlari yoki ro‘zalari bo‘lsa, merosxo‘rlar yoki kimdir uni fidyasini berishi shariatimizda bormi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Fidya – kishi  zimmasidagi narsani ado qilish maqsadida mol yoki shunga o‘xshash narsani berishidir (“Lisonul arab” kitobi).

Fidya berish shariatimizda bor. Bu haqida fiqhiy kitoblarimizda shunday deyilgan:

وَلَوْ مَاتَ وَعَلَيْهِ صَلَوَاتٌ فَائِتَةٌ وَأَوْصَى بِالْكَفَّارَةِ يُعْطَى لِكُلِّ صَلَاةٍ نِصْفَ صَاعٍ مِنْ بُرٍّ مِنْ ثُلُثِ مَالِهِ وَكَذَا حُكْمُ الْوِتْرِ

ya’ni: “Kishi vafot etib, uning zimmasida qazo namozlari bo‘lsa va vafotidan oldin fidya berishni vasiyat qilsa, har bir namozi uchun qolgan molining uchdan biridan yarim so’ (taqriban ikki kilogramm) bug‘doy (yoki uning qiymati) beriladi. Vitr namozining hukmi ham shunday” (“Durrul muxtor” kitobi).

Demak, zimmasida namoz va ro‘zalarining qazosi bor kishi vafotidan oldin ularning fidyasini to‘lashni vasiyat qilishi kerak. Mayyit fidya to‘lashga vasiyat qilgan bo‘lsa, uni kafanlash, qabrga qo‘yish, qarzlarini to‘lashdan keyin qolgan bor mol-mulklari qiymatining uchdan biridan mayyitning fidyasini merosxo‘rlar ado qilishlari vojib bo‘ladi. Ado qilmasalar, gunohkor bo‘ladilar. Agar marhum fidya to‘lashni vasiyat qilmagan bo‘lsa, yoki mol-mulk qoldirmagan bo‘lsa, merosxo‘rlar o‘z ixtiyorlari bilan marhumning fidyasini to‘lashlari – ulkan savob hamda mayyitga yengillik va rahm-shafqat qilishdir. Mabodo, to‘lamasalar gunohkor bo‘lmaydilar.

Bir kunlik ro‘zaning fidyasi ham ikki kilogramm bug‘doy yoki uning qiymati barobaricha bo‘ladi.  Fidyani kimlarga berish afzal ekani haqida: “Fatovoi hindiya” kitobida shunday deyilgan: “Zakot, fidya va fitrni berishda eng afzali avvalo aka-uka, opa-singillar hisoblanadi. So‘ng – ularning farzandlari. Ulardan keyin amaki-ammalar, so‘ng – ularning farzandlari. Tog‘a-xolalar va ularning farzandlari, so‘ng – yuqoridagilardan tashqari qarindoshlar. Ulardan keyin qo‘shnilar, kasbdoshlar, keyin hamshaharlar yoki qishloqdoshlar haqlidirlar”. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar