Men talabaman. O‘qishga borish uchun metrodan foydalanaman. Metroda har qadamda nomahram ayollarni sochlariga, yerga qarasak ochiq oyoqlarga ko‘zimiz tushadi, afsuski ko‘zni yumib harakatlanishning iloji yo‘q. Bu gunohlardan qutilish uchun yechimini aytsangiz?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Dinimizda hayo va iffat muhim o‘rin turadi. Zero Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Hayo imondandir”, deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Kishi nomahram ayollarga qarashidan dinimizning qaytarig‘ida ham qalb tozaligi, nafs sofligi, niyat xolisligi, amal maqbulligi bor. Nomahramlarga qarashdan ko‘zini tiygan odamning qalbi ham, tanasi ham salomat bo‘ladi. Qolaversa, nigohni nomahramlardan tiyish bilan juda ko‘p yomonliklar oldi olinadi, zinoning oldi olinadi va oilalar tinch bo‘ladi. Yana biz bilgan-bilmagan hikmatlari ko‘p.
"Ko‘zni haromdan tiyish" degani “erkak kishi begona ayolning, ayol kishi begona erkakning qorasini ko‘rmasin”, degani emas. Balki bir nomahramga ko‘zi tushsa, nazarini darhol boshqa tomonga olsin, tikilib qolmasin, deganidir. Payg‘ambarimiz alayhissalom Hazrati Ali raziyallohu anhuga shunday deganlar:
يا عليُّ لا تُتبعِ النَّظرةَ النَّظرَةَ، فإنَّ لَكَ الأولى ، ولَيسَتْ لَكَ الآخرَةُ (رواه الامام الترمذي)
“Ey Ali, bir qarashga ikkinchi qarashni ergashtirmagin, albatta, ikkinchi qarash seni zararingga bo‘ladi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Shundan kelib chiqib, Siz imkon qadar nomahramlarga qaramaslikka harakat qiling. Albatta buning uchun katta ajrga ega bo‘lasiz, ko‘z zinosini tark qilganlik savobini olasiz. Imon halovatini, ibodat halovatini qalbingizda topasiz. Huzayfa raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Alloh taolo shunday degan:
إِنَّ النَّظْرَةَ سَهْمٌ مِنْ سِهَامِ إِبْلِيسَ مَسْمُومٌ، مَنْ تَرَكَهَا من مَخَافَتِي أَبْدَلْتُهُ إِيمَانًا يَجِدُ حَلاوَتَهُ فِي قَلْبِهِ (رواه الامام الحاكم، والامام الطبراني)
“Nomahramlarga nazar solish Iblisning zaharlangan o‘qlaridan biridir. Kim mendan qo‘rqib uni tark etsa, unga shunday imonni beramanki, uning halovatini qalbida his qiladi” (Imom Hokim va Imom Tabaroniy rivoyati). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.