KO‘Z SHOX PARDASINI KO‘CHIRISH JOIZMI?

ID: 944

04.04.2025

80

Savol:

Hozirgi paytda vafot etgan odamning ko‘z shox pardasini boshqa bir insonga ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti o‘tkazilayotgan ekan. Bu bilan ko‘zi ojiz odam to‘la ko‘ra olishi mumkin ekan. Shunga shariatimiz nima deydi. Shunday qilish mumkinmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Alloh taolo Qur’oni karimda bir insonga hayot baxsh etgan kishini barcha odamlarni tiriltirgan kishi sifatida baholagan. Moida surasining 32-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

…وَمَنْ أَحْيَاهَا فَكَأَنَّمَا أَحْيَا النَّاسَ جَمِيعًا

«… Unga (insonga) hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir».      Ushbu oyati karimdagi insonga hayot baxsh etish umumiy ma’noda bo‘lib, shariatga muvofiq tarzda tana a’zolarini o‘zgaga evazsiz berishni ham o‘z ichiga oladi.       Islom ulamolari inson a’zolarini transplantatsiya qilish (ko‘chirish) amaliyoti ma’lum shartlar topilganda joiz bo‘lishini aytib o‘tganlar. Bu haqida avval batafsil ma’lumot berganmiz (quyidagi linkda batafsil o‘qing https://t.me/diniysavollar/275)      Ulamolar barcha shar’iy dalillarni o‘rganib chiqqan holda vafot etgan insonning ko‘z shox pardasini tirik insonga ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti ma’lum shartlari topilganda joiz bo‘lishini aytib o‘tganlar. Bunda quyidagi shartlar topilishi kerakligini ta’kidlaydilar: 

  1. Ko‘zining shox pardasi ko‘chirib o‘tkazilayotgan shaxsda biologik (haqiqiy) o‘lim holati qayd etigan bo‘lishi lozim. Klinik o‘lim holatdagi kishidan yoki umuman tirik insondan ko‘z shohpardasini o‘tkazish joiz emas;   
  2. A’zoning ko‘chirilishiga muhtoj bo‘lgan bemorning kasalligi tibbiyot jihatidan faqat shu yo‘l bilangina tuzalishi mumkin degan xulosaga kelingan bo‘lishi lozim;
  3. Ko‘zining shox pardasi ko‘chirib o‘tkazilayotgan shaxs tiriklik paytida ixtiyoriy ravishda, birovlar tomonidan moddiy yoki ma’naviy tazyiq ko‘rsatilmagan hamda aqliy salohiyati to‘la faol bo‘lgan holda vasiyat yozib, unda vafotidan so‘ng o‘z ko‘zining shoh pardasi birovga ko‘chirib o‘tkazilishi mumkinligiga roziligini qayd etgan bo‘lishi lozim; 
  4. Ko‘zning shox pardasi ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yetarli malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidan amalga oshirilishi hamda a’zo qo‘yilayotgan taraf (bemor) uchun jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli tarzda o‘tishi va kutilgan natijaga erishilishi ko‘p marta tajribalarda kuzatilgan va unga ishonch hosil qilingan bo‘lishi lozim.      Yuqorida zikr qilingan shartlar topilgandagina ko‘zning shox pardasini ko‘chirish amaliyoti shar’an joiz hisoblanadi.       Shuni ham ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, Shariatimizga ko‘ra inson a’zolarini sotish joiz emas, chunki u savdo moli hisoblanmaydi. Shu jumladan, vafotidan keyin ko‘zining shox pardasini ko‘chirishga rozi bo‘lgan shaxs uni o‘zgaga evazsiz ehson sifatida berishi mumkin. Zero, inson a’zolari unga mulk emas, balki Alloh taoloning omonati sanaladi. Uni sotishga shar’an ruxsat berilmaydi, evaz ham olinmaydi. Xuddi shunday, insonning a’zolari vorislariga ham mulk emas, ular ham vafot etgan kishining a’zolarini sota olmaydilar. Qolaversa, odam a’zolarini sotish uning hurmatiga, mukarramligiga zid keladi. (Manba: Jahon Islom uyushmasi huzuridagi Islom Fiqhi Akademiyasi qarori, Misr Fatvo kengashining «Ko‘z shox pardasini ko‘chirib o‘tkazish hukmi to‘g‘risida»gi fatvosi, «Fiqh qazoyo at-tibbiyya al-muosara» kitobi). Vallohu a’lam. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar